Alloh taolo qaysi narsani harom qilgan boʻlsa, unga eltuvchi halol yoʻlni ham bandalari uchun ochib qoʻygan. Endi tanlov insonning oʻz ixtiyoridadir. Inson ana shu ixtiyori sababli yo mukofotga, yo jazoga sazovor boʻladi.
Haqiqiy mezon natijaning oʻzi emas, balki unga qanday yoʻl bilan erishilganidir. Chunki baʼzan harom yoʻl bilan ham maqsad hosil boʻlishi mumkin. Ammo bu holat oʻsha yoʻlning joiz yoki maqbul ekanini anglatmaydi.
Sehr ham xuddi shunday. Sehr bilan maqsadga erishilgan taqdirda ham, bu uning joizligini bildirmaydi. Chunki kishi Alloh taolo man qilgan ishga qoʻl urgan, U qaytargan chegaralarni buzishga jurʼat etgan boʻladi. Shu sababli u gunohkor sanaladi va iqobga loyiq boʻladi.
Sehrning naqadar ulkan gunoh ekani Qurʼoni karimda ham ochiq bayon qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:
«Va Sulaymon davridagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr oʻrgatadigan shaytonlar kofir edilar. Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar. Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (yaʼni odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir boʻlib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa oʻrgatmas edilar. Va ulardan (Horut va Morutdan) er-xotinning oʻrtasini buzadigan narsalar oʻrganadilar. (Lekin) ular (yahudiy sehrgarlar) sehr bilan Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Va hech foydasiz, bilʼaks zararli narsalarni oʻrganadilar. Axir (Allohning kitobi oʻrniga sehrni) almashgan kimsalarga Oxiratda hech qanday nasiba yoʻq ekanini bilgan edilar-ku. Jonlarini naqadar yomon narsaga (yaʼni Oxiratdagi mahrumlikka) sotganlarini bilsalar edi.»
Ushbu oyat sehrning kufr va zalolatga eltuvchi yoʻl ekanini, uning insonlar orasida, ayniqsa, er-xotin oʻrtasiga nifoq solishda qoʻllanilishini, hamda uning taʼsiri faqat Alloh taoloning izni va irodasi bilangina yuzaga kelishini bayon qiladi.
Sehr qilish esa kabira gunohlardan sanaladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham qattiq ogohlantirib shunday deganlar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar:
«Sizlarni halokatga eltuvchi yetti katta gunohdan qatʼiy saqlaninglar.»
Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli! Ular qaysilar?» — deb soʻradilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Allohga shirk keltirish; sehr-jodu bilan shugʻullanish; Alloh harom qilgan jonni nohaq oʻldirish; sudxoʻrlik (ribo) yeyish; yetimning molini yeyish; jang maydonida dushmanga roʻbaro’ kelgan paytda ortga qochish; hamda pokiza, moʼmina va bunday buzuq ishlardan mutlaqo bexabar ayollarni zinoda ayblash.»
Shu bois fiqh ulamolari sehr masalasiga nihoyatda jiddiy yondashganlar. Bu borada eng qatʼiy qarashlardan biri hanafiy mazhabida uchraydi. Hanafiy fuqaholari nazarida, sehr bilan shugʻullangani sobit boʻlgan sehrgar — u musulmon boʻladimi yoki kofir boʻladimi — eng ogʻir jazoga loyiq hisoblanadi. Hatto ayrim hanafiy manbalarida uning tavba qilgan-qilmaganiga qaramasdan jazo ijro etilishi zikr qilingan.
Boshqa ayrim mazhab ulamolari esa bu masalada nisbatan yengilroq qarashni ilgari surib, agar sehrgar chin dildan tavba qilib, qilmishidan qaytsa, tavbasi qabul qilinishi va jazo masalasida bu holat eʼtiborga olinishi mumkinligini aytganlar.
Bundan maʼlum boʻladiki, agar sehr qilinsa, uning taʼsiri va natijasi ham Alloh taoloning irodasi bilan yuzaga keladi. Sehrgar musulmon boʻladimi yoki kofir boʻladimi, natijaning vujudga kelishi faqat Allohning yaratishi bilandir. Shuning uchun hech kim oʻzini bu balodan mutlaqo omonda deb bilmasligi kerak. Zero, insoniyatning eng afzali boʻlgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham sehr qilingan. Bu esa sehrning mavjudligini va uning taʼsirini Alloh taolo xohlagan bandalarga sinov tariqasida yetkazishi mumkinligini koʻrsatadi.
Ammo sehrning taʼsiri va natijasi Allohning irodasi bilan yuzaga kelgani uning joiz ekanini anglatmaydi. Chunki Alloh taolo harom yoʻl bilan qilingan ayrim ishlarning ham natijasini yaratib qoʻyadi. Masalan, choʻchqa goʻshtini yegan odam ham qornini toʻydiradi. Biroq bu holat choʻchqa goʻshtini halol qilib qoʻymaydi — u haromligicha qolaveradi. Faqat inson qornini toʻydirish uchun harom yoʻlni tanlagan boʻladi. Natija jihatidan u halol taom yegan kishiga oʻxshashi mumkin, ammo yoʻl va vosita jihatidan ular oʻrtasida katta farq bor.
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi Abdullayev Aliakbar






