Mushriklarning tazyiqlari kuchayib, Makkadagi musulmonlar qiyin ahvolga tushib qolganlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga:
– Habashiston yurtiga chiqib ketsangiz edi! Zero, u yerda huzurida hech kimga zulm qilinmaydigan podshoh bor. U joy ishonchli yurtdir, Alloh sizlarni bu qiyin holatdan qutqarardi, – dedilar (Ibn Isʼhoq rivoyati; Ibn Hishom, “as-Siyratun nabaviyya”).
Oʻsha paytda Habash diyorining podshosi Ashama Najoshiy edi. U odil podshoh boʻlib, uning huzurida hech kimga zulm qilinmas edi.
Nubuvvatning beshinchi yili, rajab oyida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning koʻrsatmalari bilan musulmonlarning ilk jamoasi Habash yurtiga hijrat qildi. Ularning soni oʻn olti nafar boʻlib, shundan oʻn ikki nafari erkak, toʻrt nafari ayol edi. Bu jamoaga Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bosh qilib tayinlandi.
Sahobalar tunda, yashirin holda Jiddaning janubidagi Shuayba bandargohidan ikkita tijorat kemasiga joylashib, Habash diyoriga yetib olishdi.
Muhojirlar bu diyorda bir oz muddat yashaganlaridan soʻng ularga “Quraysh Islomni qabul qilibdi” degan xabar yetib keldi. Ular bu xabardan xursand boʻlib, ortlariga qaytishdi. Ammo Makkaga yetmasdan xabarning xato ekanini bilishdi. Ularning baʼzilari yana Habash diyoriga qaytib ketishdi, baʼzilari esa tunda yashirin ravishda Makkaga kirishdi.
Mushriklar tomonidan azob-uqubatlar ortgani sababli Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarga ikkinchi marta Habash diyoriga hijrat qilishga izn berdilar. Shu yilning shavvol oyida Makkadagi musulmonlar kengroq koʻlamda hijratga hozirlanishdi.
Bu safar hijrat qilganlarning soni yuz nafardan oshdi: 83 nafar erkak va 18 nafar ayol. Yoʻlda ularga Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhuning qavmdoshlari boʻlgan ashʼariylar qoʻshildi.
Muhojirlar Habash yerlariga omonlikda yetib bordilar.
Bu voqealar Makka mushriklariga sira tinchlik bermasdi. Shuning uchun ular Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Robiani tanlab olib, Najoshiy va uning mulozimlariga atalgan sovgʻa-salomlar bilan Habashistonga joʻnatishdi.
Elchilar Habash diyoriga yetib borgach, avval Najoshiyning aʼyonlariga turli sovgʻa-salomlar berib, ularni musulmonlarga qarshi hujjatlar bilan qurollantirdilar hamda ulardan: “Najoshiyga musulmonlarni quvib yuborishni maslahat beramiz”, – degan vaʼdani olishdi.
Soʻng yurt hukmdorining huzuriga chiqib, unga ham sovgʻa-salom berdilar va maqsadlarini aytishdi. Lekin panoh istab kelgan muhojirlarga bergan ahdini buzishni Najoshiydan talab qilishgani uchun elchilar tahqirdan boshqa narsaga erisha olmadilar va juda yomon ahvolda qaytib ketishdi.
(Davomi bor…)
“Nurul-yaqin” kitobi asosida tayyorlandi.
✒️Ikrom domla Roʻziqulov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi




