Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Fiqh va aqoidga oid ixtilofli masalalar yechimi” asari asosida “Mazhabga ergashish — ummat birligi” nomli ilmiy-amaliy musobaqa oʻtkazildi. Musobaqa 3-kurs talabalari oʻrtasida tashkil etilib, jami 3 ta guruh (301, 302 va 303-guruhlar) faol ishtirok etdi.




Tadbir avvalida Qurʼoni karim tilovi bilan boshlandi. Soʻngra bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Maʼmurjon domla Erkayev soʻzga chiqib tadbirni rasmiy ravishda ochdi va musobaqaning maqsad hamda ahamiyatiga toʻxtaldi.



Mehmonlar sifatida Toshkent Islom instituti “Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi” mudiri Soatmurod domla Primov hamda Fatvo markazi mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov taklif etildi. Bilim yurti mudiridan keyin Hikmatulloh domla Toshtemirov kitob va mavzuning jamoat uchun qanchalik muhimligi, ixtilofli masalalarni ilmiy va adolatli asosda hal etishning ahamiyati haqida mazmunli soʻzlar bilan ishtirokchilarga murojaat qildilar.
Musobaqa uch bosqichdan iborat shart boʻyicha oʻtkazildi:
- Savol-javob — ilmiy va amaliy savollarga tizimli javoblar.
- Zakovat (intelektual oʻyin) — tezkor tafakkur va strategik fikrlashni talab qiluvchi bosqich.
- Tezkor savollarga tezkor javoblar — qatnashchilarning tez fikrlash va aniqlik darajasini sinovdan oʻtkazdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar oʻz bilimlarini faol namoyish etib, bellashuv juda qizgʻin va jozibador tarzda kechdi. Hakimlar hayʼati barcha jamoalarning bilim darajasini adolatli baholab, yakuniy natijalarni eʼlon qildi.
Musobaqa natijalari:
• I oʻrin — 303-guruh.
• II oʻrin — 302-guruh.
• III oʻrin (faxrli) — 301-guruh.
Gʻolib va ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi hamda barcha qatnashchilarga minnatdorchilik bildirildi. Tadbir yakunida ilmiy-maʼrifiy ruhdagi munozaralar va fotografiya suhbati bilan yakunlandi.


Tashkiliy jihatdan tadbir muvaffaqiyatli oʻtdi: ilmiy asoslangan savollar, adolatli baholash va jamoaviy ruh — bularning barchasi musobaqaning mazmunini boyitdi hamda ishtirokchilarda hamjamiyat va ilmiy izlanishlarga boʻlgan qiziqishni oshirdi.
Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






