Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida mustaqillik darslari tashkil etildi.
Darslarda bilim yurtiga tashrif buyurgan mehmonlar Din ishlari boʻyicha qoʻmita Taʼlim boʻlimi mutaxassisi E. Alimqulov, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi, Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari E. Rustamov, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mutaxassisi H.Nurbayev hamda ustoz va talabalari ishtirok etib, istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, hozirgi yillarda amalga oshirilayotgan diniy islohotlar haqida soʻz yuritildi.





Ustozlar oʻz maʼruzalarida hozirgi yillarda amalga oshirilayotgan diniy islohotlar natijasida Qurʼoni karimning mukammal tarjimalari va tafsirlarining chop etilgani, hadis ilmining ishonchli manbalari keng jamoatchilikka yetkazilayotgani, islom sivilizatsiyasi markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va kutubxonalar faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar.
Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Imom Buxoriy” ordeni ham diniy-maʼrifiy sohada fidokorona xizmat qilayotgan imom-xatiblar va ulamolarga berilmoqda. 2025-yilda mazkur orden bilan qator imom-xatiblar, diniy-maʼrifiy maskan rahbarlari taqdirlanib, ularning xalq bilanishlashdagi saʼy-harakatlari va yoshlarni milliy hamda diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash yoʻlidagi xizmatlari yuksak eʼtirof etildi. Xususan, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilinishi bu boradagi muhim qadam boʻldi.
Mazkur Farmonga muvofiq, diniy-maʼrifiy sohada fidokorona xizmat qilayotgan birqator taniqli ulamo va imom-xatiblar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandilar. Jumladan:
- Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla Abdullayev,
- Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud Alimov,
- Toshkent shahar bosh imom-xatibi, Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor Yunusov,
- Toshkent shahar Yunusobod tumani “Minor” masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov.
Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, 2025-yilda “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganliklari talabalarga aytib oʻtildi.
Shuningdek, yurtimizda haj va umra ziyoratlarini tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgani, yoshlarni sogʻlom eʼtiqod va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy dasturlar amaliyotga tatbiq etilayotgani ham mustaqillik davrining muhim yutuqlari sifatida qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar mustaqillik yillarida yaratilgan imkoniyatlar, diniy-maʼnaviy hayotdagi oʻzgarishlar, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik haqida oʻz fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, Vatan, millat va xalq manfaati yoʻlida fidoyilik koʻrsatish, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash barchamizning sharafli burchimiz ekanligi taʼkidlandi.
Yakunda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan gʻoya barchaning qalbida yanada mustahkam oʻrin oldi.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Matbuot xizmati





