Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
1-hadis
Kunlarning birida bir kishi qush ovlash uchun anhor boʻyiga toʻr tashlab qoʻydi. Toʻr ostiga sepib qoʻyilgan don bilan aldangan bir gala qushchalar darhol kelib u yerga qoʻnishdiyu, toʻrga tushib qoldilar. Qush ovchisi yetib kelgan vaqtda qushchalarning barchasi shovqin-suron solganicha toʻr bilan birga yuqoriga koʻtarildilar. Koʻz oldida goʻyoki kelishib olgandek bir tomonga qarab uchib ketayotgan qushlarni koʻrgan ovchi ularning ortidan yugurdi.
U yugurib ketar ekan, yoʻl davomida bir kishiga yoʻliqib qoldi. U kishi ovchidan bunchalar shoshilib qayoqqa ketayotganini soʻraganida, ovchi osmonda uchib ketayotgan bir gala qushlarga ishora qilib, ularni tutish uchun oshiqayotganini aytdi.
Shunda haligi kishi itstehzoli kulib dedi:
“Xudo xayringni bergur, nahotki sen shu ishingni toʻgʻri deb oʻylayotgan boʻlsang! Osmonda uchib ketayotgan qushlarni ham tutib boʻlar ekanmi?!”
Ovchi unga javoban:
“Albatta, agar toʻrga bitta qush tushganida edi ehtimol men uni tuta olmasdim. Lekin bular koʻp. Mana koʻrasan, men ularni tutib olaman”, dedi.
U aytganidek boʻldi. Shom qorongʻusi tushgach, qushchalarning har biri toʻrni oʻz uyasi tomon torta boshladi. Biri oʻrmonga, boshqasi koʻlga, yana boshqalari toqqa qarab intilardi. Ayrimlari esa butazorga qarab uchishga harakat qilardi. Natijada ularning hech biri maqsadiga erisha olmadi. Barchasi toʻr bilan birgalikda yerga pastlay boshladi. Shu vaqtda ovchi yetib keldi va ularni tutib oldi.
Bechora qushchalar, agar ular Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislarini bilganlarida edi, bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishardi va ovchiga oʻlja boʻlmas edilar.
(عليكم بالجماعة فإن الذئب لا يأكل من الغنم إلا القاصية)
“Bir-biringizdan ajralmanglar, albatta boʻri ham podadan ajralgan qoʻynigina yeydi”.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






