«Allohga ibodat qilingiz… ota-onaga, yaqin qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qoʻshniga va yon qoʻshniga yaxshilik qilingiz!» (Niso surasi, 36-oyat)
Insonning kundalik tinchligi, osoyishta hayoti koʻp jihatdan yon-atrofidagi qoʻshnilariga bogʻliqdir. Xalqimizda «Hovli olma – qoʻshni ol», «Yon qoʻshnim – jon qoʻshnim» degan chuqur maʼnoli maqollar bejiz aytilmagan. Islom taʼlimotida qoʻshnichilik huquqi shunchalik yuksak qoʻyilganki, unga rioya qilish iymon mezonlaridan biri hisoblanadi.
Muqaddas manbalarda qoʻshni haqining ulugʻligi
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam qoʻshnichilik haqida shunday marhamat qilganlar: «Jabroil menga qoʻshnining haqqi toʻgʻrisida shu qadar koʻp vasiyat qildiki, hatto qoʻshnini qoʻshniga merosxoʻr qilib qoʻyarmikan, deb oʻylab qoldim» (Buxoriy va Muslim rivoyati). Boshqa bir sahih hadisda: «Qoʻshnisi uning yomonligidan omonda boʻlmagan kishi haqiqiy moʼmin boʻlolmaydi», deb qatʼiy ogohlantiriladi. Islom ulamolari qoʻshnilarni uch toifaga ajratadilar: uchta haqqi bor (qarindosh va dindosh), ikkita haqqi bor (dindosh) va bitta haqqi bor (oʻzga din yoki millat vakili boʻlgan) qoʻshni. Ularning har biriga yaxshilik qilish buyurilgan.
Mahalla tizimi va oʻzbekona hamjihatlik
Oʻzbek xalqining mahalla instituti aynan qoʻshnichilik ahilligiga asoslangan. Toʻyda birga quvonish, musibatda xolidan xabar olish, hasharlarda yordamlashish millatimizning noyob fazilatidir. Qoʻshnining uyi yonayotganda yoki qiyinchilikka tushganda birinchi yordamga keladigan inson aynan yon qoʻshnidir.
Koʻp qavatli uylar va zamonaviy qoʻshnichilik muammolari
Bugungi shaharlarda koʻp qavatli uylarda yashayotgan aholining koʻpchiligi hatto oʻz zinapoya maydonchasidagi qoʻshnilarini tanimasligi, ularning tinchini shovqin bilan buzishi ogʻriqli holatdir. Kechasi baland musiqa qoʻyish, taʼmirlash ishlarida meʼyorni bilmaslik, yoʻlaklarni ifloslantirish qoʻshnichilik odobiga mutlaqo ziddir.
Xulosa
Qoʻshni bilan yaxshi munosabatda boʻlish ikki dunyo saodatiga eltuvchi fazilatdir. Qoʻshnimizning ehtiyojini sezish, unga ziyon yetkazmaslik va yaxshilik ulashish jamiyatimizni ahil va baxtli maskanga aylantiradi.
Sarvar Rafiqov
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi talabasi





