بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَٰنِ الرَّحِيمِ
وَلَا تَقُولَنَّ لِشَيْءٍ إِنِّي فَاعِلٌ ذَٰلِكَ غَدًا ﴿٢٣﴾ إِلَّا أَن يَشَاءَ اللَّهُ ۚ وَاذْكُر رَّبَّكَ إِذَا نَسِيتَ وَقُلْ عَسَىٰ أَن يَهْدِيَنِ رَبِّي لِأَقْرَبَ مِنْ هَٰذَا رَشَدًا ٢٤
«Biror narsa haqida: “Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman”, deya koʻrmang! Illo, “Inshoalloh” (deng). Unutgan vaqtingizda Rabbingizni zikr qiling va: “Shoyad, Rabbim meni bundan ham yaqinroq toʻgʻri yoʻlga hidoyat etsa”, deng!» (Kahf surasi, 23–24-oyatlar).
Alloh taolo ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tanbeh bermoqda. Chunki mushriklar ruh, gʻorda uxlab qolgan yigitlar (Ashobi Kahf) va Zulqarnayn haqida soʻrashganida, u zot: «Ertaga sizlarga javobini aytaman», deganlar. Ammo ertasiga javob ayta olmaganlar. Sababi oʻn besh kun davomida vahiy uzilib qoladi. Mushriklar bundan foydalanib, turli gaplarni tarqatishadi. Bu holat Nabiy alayhissalomga juda ogʻir botadi. Keyin mazkur oyatlar nozil boʻlib, bunday holatda nima deyish kerakligi bayon qilinadi.
«Biror narsa haqida: “Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman”, deya koʻrmang!» Chunki «Albatta qilaman» deb, keyin uni bajarmasa, yolgʻonchi boʻlib qoladi.
«Illo, “Inshoalloh”» — «agar Alloh xohlasa, qilaman», deb Allohning irodasiga bogʻlang, shunda yolgʻonchi boʻlib qolmaysiz. Zero, Alloh taoloning xohishisiz hech bir ish amalga oshmaydi.
Ibn Atiyya rahimahulloh aytadi: «Baʼzilar bu oyatdagi istisno (yaʼni “inshoalloh” deyish) qasamlarga tegishli deyishgan. Aslida esa oyat barcha holatlarda istisno qilish (Alloh xohlasa, deb aytish) sunnat ekanini ifodalaydi. Yaʼni kelajak haqida gapirilganda Allohning irodasini esga olib, “inshoalloh” deyish kerak boʻladi».
«Unutgan vaqtingizda Rabbingizni zikr qiling». «Inshoalloh» deyishni unutgan boʻlsangiz, yodingizga kelishi bilan Rabbingizni zikr qiling. Bu yerdagi zikrdan murod nima ekani haqida ulamolar ixtilof qilishgan. Baʼzi ulamolar: «Undan murod oyat davomidagi “Shoyad, Rabbim meni bundan ham yaqinroq toʻgʻri yoʻlga hidoyat etsa”, degan jumladir», deyishgan. Mufassir Muhammad Koʻfiy aytadi: «Bu aynan shu lafz (“inshoalloh”) bilan istisno qilishni unutgan har bir kishi aytishi kerak boʻlgan jumladir. Yaʼni bu jumla “inshoalloh”ni unutishning kafforati hisoblanadi».
Jumhur ulamolar nazdida esa bu aytish buyurilgan duo boʻlib, aynan shu holatga xoslanmaydi.
Yana bir qavlda: «Zikrdan murod “inshoalloh” kalimasi boʻlib, uni qasam ichishda unutgan odam aytadi», deyilgan. Abul Oliya aytadi: «Uni unutgan kishi esiga tushsa, “inshoalloh” deb, istisno qiladi».
Gʻaznaviy rahimahulloh aytadi: «Barakadan umidvor boʻlish, gunohdan qutulish uchun keyin ham “inshoalloh” deb qoʻyish mumkin. Ammo hukmga taʼsir qiladigan haqiqiy istisno (yaʼni qasam hukmini oʻzgartiradigan “inshoalloh”) boʻlishi uchun kelajak haqida gapirilganda darhol va muttasil aytilishi kerak».
«Tafsiri Qurtubiy» asosida «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi Avazbek domla Jumaboyev tayyorladi.






