




Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2026-yil 18-sentabrdagi 05-03/3039-sonli xati ijrosi doirasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi bitiruvchi kurs talabalarining «dual taʼlim» (4+2) tizimi asosidagi amaliyoti izchil va samarali davom etmoqda.
Talabalar oʻzlari biriktirilgan tumanlaridagi tajribali va faol imom-xatiblar yonida tinglovchi-kuzatuvchi sifatida kundalik faoliyatda bevosita ishtirok etib kelmoqda. Taʼlim muassasasida egallangan ilm endi hayotiy tajriba bilan boyib, amaliy mahoratga aylanmoqda.
Amaliyot davomida talabalar mahallalarda oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarida faol qatnashib, xalq bilan jonli muloqot koʻnikmasini shakllantirmoqda, hududlardagi maʼnaviy muhitni oʻrganib, tahlil qilib bormoqda.
Amaliyotning asosiy yoʻnalishlari:
– tajribali imom-xatiblar faoliyatini yaqindan kuzatish va oʻrganish;
– mahallalardagi targʻibot tadbirlarida ishtirok etish;
– hududdagi maʼnaviy muhitni tahlil qilish;
adashgan toifalar bilan ishlash malakasini oshirish;
– kuzatuv va xulosalarni amaliyot daftarchasida muntazam qayd etib borish.
Amaliyot jarayoni taʼlim muassasasi tomonidan tayinlangan nazoratchi murabbiylar tomonidan doimiy kuzatib borilmoqda.
Talabalarimiz amaliyotga katta masʼuliyat, ishtiyoq va intizom bilan yondashayotgani quvonarli. Bu taʼlim muassasasida berilayotgan ilm va tarbiyaning amaliy samarasi, yuqori tashkilot topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli ijro etilayotganining yaqqol isbotidir.
Bugun minbar sohiblari yonida tajriba
orttirayotgan yoshlar ertaga xalqimizga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi, jamiyat maʼnaviy osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshuvchi bilimli imom-xatiblar boʻlib yetishadi, inshaalloh.
Alloh taolo talabalarimizning ilmini manfaatli, saʼy-harakatlarini barakali qilsin!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






