Imom Navaviy rahimahulloh ushbu hadisni “Al-Arbaʼun an-Navaviyya” kitobida qirqinchi raqam ostida keltirgan.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قَالَ: أَخَذَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِمَنْكِبِي، فَقَالَ: كُنْ فِي الدُّنْيَا كَأَنَّكَ غَرِيبٌ أَوْ عَابِرُ سَبِيلٍ، وَكَانَ ابْنُ عُمَرَ يَقُولُ: إِذَا أَمْسَيْتَ فَلَا تَنْتَظِرِ الصَّبَاحَ، وَإِذَا أَصْبَحْتَ فَلَا تَنْتَظِرِ الْمَسَاءَ، وَخُذْ مِنْ صِحَّتِكَ لِمَرَضِكَ وَمِنْ حَيَاتِكَ لِمَوْتِكَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. U kishi aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yelkamdan ushlab: “Bu dunyoda xuddi gʻaribdek yoki bir yoʻlovchidek boʻlgin”, dedilar”. Ibn Umar roziyallohu anhumo esa: “Kech kirsa, tong otishini kutma, tong otsa, kech kirishini kutma. Sogʻliq paytingda kasalligingga, hayotingdan oʻlimingga (foyda) olib qol”, der edi (Imom Buxoriy rivoyati, 6416).
Ibn Umar roziyallohu anhumo vahiy kelishidan bir yil oldin tavallud topgan. U kishi yoshligida Makkada otasi bilan birga islomni qabul qilgan. Sahih fikrga koʻra, u kishi qatnashgan birinchi gʻazot Xandaq gʻazoti boʻlgan. Ibn Umar taqvo, ilm va zuhd ahlidan edi.
Jobir roziyallohu anhu u haqda shunday degan: “Umar va uning oʻgʻli Abdullohdan boshqa oramizdagi har bir kishi yo dunyoga moyil boʻldi, yo dunyo unga moyil boʻldi”.
Nofeʼ rahimahulloh: “Ibn Umar ming yoki undan ham koʻproq kishini ozod qilmaguncha vafot etmadi”, degan[1].
Ibn Sirin rahimahulloh: “Odamlar u kishini Usmon ibn Affondan keyin haj amallarini eng yaxshi biluvchi kishi deb hisoblashar edi”, degan.
Abu Ishoq Hamdoniy rahimahulloh shunday hikoya qiladi: “Biz Ibn Abu Layloning huzurida edik. Oldimizga Abu Salama ibn Abdurrahmon kelib: “Sizlarning nazaringizda Umar afzalmi yoki uning oʻgʻli Ibn Umarmi?” deb soʻradi. Ular: “Yoʻq, balki Umar afzal”, deyishdi. Shunda Abu Salama: “Umar yashagan zamonda unga teng keladigan, unga oʻxshash kishilar bor edi, ammo Ibn Umar yashagan zamonda unga teng keladigan hech kim yoʻq edi”, dedi”.
U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan 2630 ta hadis rivoyat qilgan, juda keng ilm egasi edi. Ibn Umar roziyallohu anhumo sunnatga qattiq ergashuvchi, nihoyatda solih va dunyodan oʻta zohid inson edi.
Bu sahoba hijriy 73-yilda vafot etdi. U kishi Haram hududidan tashqarida (hilda) dafn etilishni vasiyat qilgan edi, ammo Hajjoj sababli buning imkoni boʻlmadi va Haram chegarasidagi Zu Tuvo degan joydagi muhojirlar qabristoniga dafn etildi[2].
Bu hadisning qadri juda yuksak, foydalari ulkan boʻlib, yaxshilikning barcha turlarini va pand-nasihatlarning barchasini oʻz ichiga olgan. U dunyoda orzu-havasni qisqa qilish borasida asos boʻladigan hadislardan biridir. Zero, moʼmin kishi dunyoni oʻziga vatan yoki doimiy turar joy qilib olib, unda xotirjam yashab qolmasligi kerak. Aksincha, u xuddi yoʻlga chiqishga shay turgan yoʻlovchidek joʻnab ketish uchun yuklarini hozirlab qoʻyishi hamda mol-dunyo va farzandlar foyda bermaydigan, faqat Alloh huzuriga sogʻlom qalb bilan kelgan kishigina naf koʻradigan hisob-kitob kuniga tayyorgarlik koʻrishi lozim[3].
Hadisdan olinadigan saboqlar
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yetuk murabbiy ekanlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz sahobalariga taʼlim beruvchi murabbiy edilar. U zotning taʼlim va tarbiyadagi uslublari zamonaviy tarbiyashunos olimlar erishgan eng soʻnggi usul va vositalardan ham yuqori boʻlgan. U zot qulay fursat va munosib vaziyatlardan unumli foydalanar, sahobalariga misollar keltirib, mavhum maʼnolarni xuddi koʻz bilan koʻrib turgandek his qilinadigan qilib yetkazar edilar. Ularning holatini inobatga olib, vaqti-vaqti bilan mavʼiza qilar, ehtiyojlari talab qiladigan va aqllari anglay oladigan tarzda murojaat etar edilar. Shuningdek, ularning amallarini kuzatib, toʻgʻrisini maʼqullab, xatosini tuzatar edilar. Bularning barchasini goʻzal namuna, sabr-matonat va gʻamxoʻrlik bilan amalga oshirar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoning yelkasidan ushlab, uning diqqatini oʻrgatilayotgan ilmga tortishni, unga alohida eʼtibor berayotganlarini his qildirishni hamda bu ilm uning butun borligʻi va aqliga chuqur oʻrnashishini xohladilar.
Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh ushbu nabaviy taʼlimga eʼtibor qaratib shunday degan: “Bu hadisda taʼlim va nasihat paytida oʻqituvchi yoki vaʼz qiluvchi taʼlim oluvchining baʼzi aʼzolarini ushlab turishi joiz ekaniga dalil bor. Shuningdek, Ibn Masʼud roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kaftimni ikki kaftlari orasida tutib turib, menga tashahhudni Qurʼondan bir surani qanday oʻrgatsalar, shunday oʻrgatdilar…” (Imom Buxoriy rivoyati, 6265), degan. Buning hikmati shuki, bunday qilish oʻrgatish, ogohlantirish va eslatishda mustahkam asos boʻladi. Chunki inson odatda oʻzi bilan shunday muomala qilinganini unutmaydi. Qolaversa, bunday ish faqat yaxshi koʻrilgan kishiga nisbatan qilinadi. Demak, bunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Umar va Ibn Masʼud roziyallohu anhumoni yaxshi koʻrganlariga dalil bor”.
2. Dunyoning oʻtkinchiligi va oxiratning boqiyligi
Inson bu dunyoda Alloh xohlaganicha yashaydi, soʻng kunlardan bir kun albatta vafot etadi. Bu haqda Qurʼoni Karimda shunday deyilgan:
كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ
“Har bir jon oʻlim (achchigʻi)ni totuvchidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat).
Yana bir oyatda shunday deyilgan:
إِنَّكَ مَيِّتٌ وَإِنَّهُمْ مَيِّتُونَ
“(Ey, Muhammad!) Albatta, Siz ham oʻluvchidirsiz, ular (mushriklar) ham oʻluvchidirlar” (Zumar surasi, 30-oyat).
Shuningdek, inson ajali qachon tugashini va oʻlim qachon kelishini bilmaydi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ مَاذَا تَكْسِبُ غَدًا وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ بِأَيِّ أَرْضٍ تَمُوتُ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
“Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda oʻlishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat).
Demak, insonning bu dunyodagi umri qanchalik uzoq boʻlmasin, dunyo oʻtkinchidir. Bu biz har kuni va har kecha koʻrib, har soat va har lahza his qilib turgan ochiq haqiqatdir. Soʻng inson albatta doimiy, mustahkam va abadiy hayotni yashaydi. Bu hech qanday nihoyasi va cheki boʻlmagan oxirat hayotidir. Ushbu oxirat hayoti Alloh azza va jalla insonlarni qabrlaridan qayta tiriltirib, qilgan amallari boʻyicha hisob-kitob qilish va oralarida hukm chiqarish uchun toʻplaganidan soʻng boshlanadi. Insonlar yo taqvodorlar uchun tayyorlab qoʻyilgan va unda abadiy qolinadigan jannatga, yo yoqilgʻisi odamlar va toshlardan boʻlgan, kofirlar uchun tayyorlab qoʻyilgan va undan hech qachon chiqarilmaydigan doʻzaxga kiradilar.
Aqlli moʼmin kishi bu dunyoga aldanib qolmaydi, unda xotirjam boʻlib yashamaydi, uni hamma narsa deb oʻylamaydi. Aksincha, u dunyoda orzu-havasni qisqa qiladi, dunyo hayotini solih amallar urugʻi sepiladigan, mevasi esa oxiratda teriladigan ekinzorga aylantiradi. Shuningdek, uni doʻzax ustiga tortilgan Sirot koʻprigidan omon oʻtish uchun ulov qilib oladi. Barcha paygʻambarlar va ularga ergashganlar oʻz vasiyatlarida shu haqiqatga eʼtibor qaratishda bir fikrda boʻlganlar. Alloh taolo Firʼavn ahlidan boʻlgan moʼmin kishining tilidan hikoya qilib shunday deydi:
يَا قَوْمِ إِنَّمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا مَتَاعٌ وَإِنَّ الْآَخِرَةَ هِيَ دَارُ الْقَرَارِ
“Ey, qavmim! Bu dunyo hayoti faqat bir (arzimas) matohdir. Albatta, oxiratgina (mangu) barqarorlik diyoridir” (Gʻofir surasi, 39-oyat).
Bu haqda hadisi sharifda ham shunday deyilgan: Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boʻyra ustida uxladilar. Turganlarida muborak yonlarida boʻyraning izi qolgan edi. Shunda biz: “Ey, Allohning Rasuli, sizga toʻshak solib bersak”, dedik. U zot: “Mening dunyo bilan nima ishim bor? Dunyoda men xuddi bir daraxt soyasida ozgina dam olib, soʻng uni tark etib, yoʻlida davom etgan suvoriy (yoʻlovchi)ga oʻxshayman”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati, 2377).
3. Dunyo – oxiratga oʻtish joyi, koʻprik va yoʻl ekani
Moʼmin kishi dunyoda yo musofir, yo yoʻlovchidir. U dunyoga suyanmaydi, uning zeb-ziynati bilan mashgʻul boʻlib qolmaydi va undagi narsalarga aldanmaydi. Chunki dunyo inson unga qattiq bogʻlanib, oʻzini toliqtirib harakat qilishiga arzimaydi. Zero, u abadiy qolish diyori emas, balki oʻtib ketish diyoridir. Bu haqda Qurʼoni Karimda shunday deyilgan:
وَمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا مَتَاعُ الْغُرُورِ
“Bu dunyo hayoti esa faqat gʻurur (aldov) matohidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat).
Moʼmin kishi qalbida doimo oʻzini bu dunyoda ahli ayolidan uzoqda yashayotgan musofirdek his qilib turadi. U doimo oʻz oilasi bagʻriga qaytishni qoʻmsaydi, ahli ayoli, yaqinlari va doʻstlari bilan diydorlashishga intiladi. Bu musofirlik yurtida qanchalik uzoq qolmasin, u yerda xotirjam boʻlib qolmaydi, qalbi undan ajralishga talpinaveradi. Shu bois u yerda bino qurmaydi, uy jihozlari yigʻmaydi.
Aksincha, musofirlik diyoridan oʻz yurtida, ahli oilasi va yaqinlari orasida bahramand boʻladigan sovgʻa-salomlar va qimmatli buyumlarni jamlab boradi. Chunki doimiy qarorgohi oʻsha yerda ekanini biladi.
Moʼmin kishi dunyoda ana shunday zohid boʻladi. Chunki dunyo qaror topish diyori emas, balki oxiratga nisbatan bir necha lahzadir, xolos. Qurʼoni Karimda Alloh taolo shunday deydi:
فَمَا مَتَاعُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا فِي الْآَخِرَةِ إِلَّا قَلِيلٌ
“Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir!” (Tavba surasi, 38-oyat).
Hasan Basriy rahimahulloh shunday degan: “Moʼmin dunyoda xuddi musofir kabidir: u dunyodagi xorlikdan qaygʻuga tushmaydi, uning azizligiga ham umid bogʻlamaydi. Uning oʻz tashvishi bor, odamlarning esa oʻz tashvishi bor”.
Ibn Rajab rahimahulloh shunday degan: “Alloh Odam alayhissalomni yaratganida, uni jufti bilan birga jannatga joylashtirdi. Soʻngra uni jannatdan yerga tushirdi va unga hamda uning zurriyotiga jannatga qaytishni vaʼda qildi. Shuning uchun moʼmin oʻzining birinchi vataniga boʻlgan sogʻinchini hech qachon yoʻqotmaydi. Vatanga muhabbat esa imondandir”.
Hatto moʼmin bu dunyoda oʻz yurtidan uzoqda yashayotgan musofirchalik ham qoʻnim topmaydi. Zero, musofirga baʼzan biror joy yoqib qolib, u yerda maskan, ahli oila va farzandlar orttirishi mumkin. Ammo moʼminning dunyodagi holati bunday emas. U yoʻldagi musofir kabidir: yoʻldan oʻtayotgan hurmatli mehmon kabi oʻtib ketadi. Uning butun orzu-umidi oʻz vatani va qarorgohiga yetib borishdadir.
U qancha masofani bosib oʻtsa, shuncha koʻproq xursand boʻladi. Biror toʻsiq uni bir soatgina ushlab qolsa ham, bundan xafa boʻlib, qiynaladi. Musofir safar chogʻida koʻplab maskan va doʻstlar orttirishga urinmaydi. Balki yoʻlni bosib oʻtishda unga hamrohlik qiladigan va maqsadiga yetishiga yordam beradigan miqdordagi ozgina narsa bilan kifoyalanadi.
Moʼmin ham dunyodagi maskan va matohlardan faqat oʻz maqsadiga – oxiratda Alloh taoloning roziligiga erishishga yordam beradiganlarinigina tanlaydi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday deydi:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ
“(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va Gʻafur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 2-oyat).
Shuningdek, moʼmin kishi yoʻlni koʻrsatadigan va omonlik sohiliga yetib borishiga yordam beradigan doʻstlarni tanlaydi. Qurʼoni Karimda shunday deyilgan:
الْأَخِلَّاءُ يَوْمَئِذٍ بَعْضُهُمْ لِبَعْضٍ عَدُوٌّ إِلَّا الْمُتَّقِينَ
“U kunda taqvodorlardan oʻzga doʻstlar bir-birlariga dushmandirlar” (Zuxruf surasi, 67-oyat).
U dunyoda kishini Alloh azza va jallaga hamda Unga itoatga olib boruvchi yoʻldan adashtiradigan oʻgʻrilar va yoʻltoʻsarlardan ehtiyot boʻladi. Bu xuddi sahroda safar qilayotgan musofirning holatiga oʻxshaydi. Alloh taolo aytadi:
وَيَوْمَ يَعَضُّ الظَّالِمُ عَلَى يَدَيْهِ يَقُولُ يَا لَيْتَنِي اتَّخَذْتُ مَعَ الرَّسُولِ سَبِيلًا. يَا وَيْلَتَى لَيْتَنِي لَمْ أَتَّخِذْ فُلَانًا خَلِيلًا. لَقَدْ أَضَلَّنِي عَنِ الذِّكْرِ بَعْدَ إِذْ جَاءَنِي وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِلْإِنْسَانِ خَذُولًا
“U kunda zolim qoʻllarini (barmoqlarini) tishlab (pushaymon qilib), der: “Eh, qani edi, men ham paygʻambar bilan birga bir yoʻlni tutganimda! Holimga voy! Koshki edi, falonchi (gumroh)ni doʻst tutmaganimda! Aniqki, menga eslatma (Qurʼon) kelganidan soʻng, oʻsha (falonchi) meni yoʻldan ozdirdi”. (U kunda) shayton (oʻziga ergashgan barcha) insonni yordamsiz qoʻyuvchidir” (Furqon surasi, 27-29-oyatlar).
Musofir safarga ozuqa tayyorlaydi. Moʼmin esa dunyosida oxirati uchun ozuqa jamlaydi. Alloh taolo aytadi:
وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ
“Ozuqa olinglar! Zero, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Ey aql egalari, Mendan qoʻrqinglar!” (Baqara surasi, 197-oyat).
4. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoning mavʼizalari
Abdulloh ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavʼizalarini qabul qilib olar, ularni butun vujudi va qalbi bilan anglar, aqli va zehni bilan oʻzlashtirar edi.
Shu tariqa u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muvaffaqiyatli shogirdi boʻldi va ustozining hidoyat hamda yoʻl-yoʻriqlarini tarqatuvchi manbaga aylandi.
U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi yetib borgan kishilarni dunyoda zohid boʻlishga (kamtar yashashga) daʼvat qilar, shu orqali orzu-havasni qisqa qilishning choʻqqisiga erishgan edi.
Ibn Umar roziyallohu anhumoning “Sogʻliq paytingda kasalligingga, hayotingdan oʻlimingga (foyda) olib qol” degan mavʼizasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisiga hamohangdir. Hokim oʻzining “Mustadrak” kitobida Ibn Abbos roziyallohu anhumodan quyidagi hadisni rivoyat qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Besh narsadan oldin besh narsani gʻanimat bil: qarishingdan oldin yoshligingni, kasal boʻlishingdan oldin sogʻligʻingni, kambagʻal boʻlishingdan oldin boyligingni, band boʻlishingdan oldin boʻsh vaqtingni va oʻlimingdan oldin hayotingni” (Imom Hokim rivoyati, 7846).
5. Musulmon kishining ezgu ishlarga shoshilishi
Musulmon kishi yaxshi ishlarni qilishga, toat-ibodat va ehsonlarni koʻpaytirishga shoshilishi kerak. “Keyin toʻgʻrilab olarman”, deb beparvo boʻlmasligi va ibodatlarni ortga surmasligi lozim, chunki u ajali qachon tugashini bilmaydi.
6. Musulmon kishining qulay fursatlarni gʻanimat bilishi
Musulmon kishi vaqtning qadriga yetishi, imkoniyat va qulay fursatlarni qoʻldan boy bermay, ular paydo boʻlgan paytdayoq gʻanimat bilishi kerak.
7. Musulmon kishining dunyoda zohid boʻlishi
Ushbu hadis musulmon kishini dunyoga berilmaslikka va uning mashgʻulotlaridan yuz oʻgirishga targʻib qiladi. Buning maʼnosi mehnat, harakat va gʻayratni tark etish emas, balki dunyoga koʻngil bogʻlab qolmaslik va u bilan oxirat amalidan chalgʻimaslikdir[4].
Fuzayl rahimahulloh zuhd haqida shunday degan: “Alloh taolo barcha yomonliklarni bir uyga jamladi va dunyo muhabbatini uning kaliti qildi. Barcha yaxshiliklarni ham bir uyga jamlab, dunyoda zuhd qilishni uning kaliti qildi”[5].
Ahmad ibn Hanbal rahimahullohdan: “Qoʻlida ming dinori boʻlgan odam zohid boʻla oladimi?” deb soʻrashdi. U kishi: “Ha, agar moli koʻpayganda xursand boʻlmasa, kamayganda gʻam chekmasa”, deb javob berdi[6].
Yunus ibn Maysara Jubloniy rahimahulloh zuhd haqida shunday degan: “Dunyodagi zuhd halol narsalarni harom qilish yoki mol-dunyoni zoe qilish bilan emas. Balki haqiqiy zuhd – Allohning huzuridagi narsaga oʻz qoʻlingdagi narsadan ham koʻproq ishonishing, musibat kelgan paytdagi holating bilan musibat kelmagan paytdagi holating bir xil boʻlishi, haq yoʻlida seni qoralagan kishi bilan maqtagan kishi sening nazdingda bir xil boʻlishidir”[7].
8. Musulmon kishining solih amallarda tirishqoq boʻlishi, xayrli ishlarni koʻpaytirishi bilan birga Alloh subhanahu va taoloning azobidan doimo qoʻrqib turishi
Musulmon kishi bu dunyoda ezgu amallar qilishga intilishi lozim. Shu bilan birga, Alloh subhanahu va taoloning azobidan doimo qoʻrqib, ogoh boʻlib turishi kerak. Bu uning amali va gʻayratini yanada oshiradi. U xuddi yoʻlda toʻxtab qolishdan va manzilga yeta olmaslikdan qoʻrqib, bor ehtiyotini qiladigan va bor kuchini sarflaydigan yoʻlovchiga oʻxshaydi.
9. Yomon insonlar bilan hamroh boʻlishdan ehtiyot boʻlish
Musulmon kishi oʻziga yaxshi doʻst tanlashi lozim, chunki yomon hamroh musulmonni oʻz maqsadidan ogʻdiradigan va uni oliy gʻoyasidan toʻsib qoʻyadigan “yoʻltoʻsar” kabidir.
10. Insonning boshqalarga tamaʼ qilishdan saqlanishi
Inson oʻz nafsini birovga muhtoj boʻlishdan tiyishi va oilasini boqish uchun dunyoda mehnat qilishi lozim. Musulmon kishi bularning barchasini Alloh buyurgani uchun va Alloh taolo huzurida ajr-mukofot olish niyatida qiladi[8].
Xulosa qilib aytganda, bu kabi hadislar bizni dunyo va oxirat uchun amal qilishda moʼtadil boʻlishga va meʼyorni bilishga undaydi. Zero, yer tuprogʻiga (dunyoga) qanchalik yopishib olsak, oxiratdan shunchalik gʻaflatda qolamiz va chalgʻiymiz. Shu sababli moʼmin kishi doimo oxirat hayotini ustun qoʻyib yashashi lozim.
Shokirjon domla Madaminov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi
[1]Mullo Ali Qoriy. Mirqotul mafotiyh li-Mishkotil masobiyh. 1-juz. – Istanbul: Dorul Maʼruf, 2025. – 618 b. (149-bet).
[2]Mullo Ali Qoriy. Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil Arbaʼiyn. – Turkiya: Dorul Lubob, 2018. – 896 b. (220-222-betlar).
[3]Mustafo Bugʻo, Muhyiddin Mistu. Al-Vofiy fi sharhil Arbaʼiyn an-Navaviyya. – Damashq: Doru Ibn Kasir, 2020. – 376 b. (330-bet).
[4]Mustafo Bugʻo, Muhyiddin Mistu. Al-Vofiy fi sharhil Arbaʼiyn an-Navaviyya. – Damashq: Doru Ibn Kasir, 2020. – 376 b. (331-334-betlar).
[5]Imom Abu Homid Gʻazzoliy. Ihyou ulumid-din. – Bayrut: Doru Ibn Hazm, 2005. – 1963 b. (1600-bet).
[6]Imom Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abid-Dunyo. Kitobuz-zuhd. – Bayrut: Doru Ibn Kasir, 1999. – 281 b. (5-bet).
[7]Imom Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abid-Dunyo. Kitobuz-zuhd. – Bayrut: Doru Ibn Kasir, 1999. – 281 b. (62-bet).
[8]Mustafo Bugʻo, Muhyiddin Mistu. Al-Vofiy fi sharhil Arbaʼiyn an-Navaviyya. – Damashq: Doru Ibn Kasir, 2020. – 376 b. (334-bet).






