Oʻtgan qismda taloqning nima uchun shariatda joriy etilgani, uni taqiqlash oila, farzandlar va jamiyat uchun qanday zarar keltirishi haqida soʻz yuritgan edik. Endi Islom bu chorani qanday tartibda joriy etgani — taloq huquqi kimning qoʻlida ekani va undan keyin qanday hukmlar yuzaga kelishi haqida toʻxtalamiz.
Alloh taolo taloq huquqini erning qoʻliga bergan, xotinning yoki begona kishining qoʻliga emas. Taloq haqidagi barcha oyatlarda murojaat erlarga qaratilgan.
Masalan, Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ey Paygʻambar, qachonki sizlar (moʼminlar) xotinlaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (poklik paytlarida) taloq qilinglar va iddani sananglar!” (Taloq surasi, 1-oyat).
Yana shunday marhamat qiladi: “Qachon xotinlarni taloq qilsangiz va ular iddalarining muddatiga yetganlarida…” (Baqara surasi, 231-oyat).
Qurʼoni Karimda taloq masalasida xotinlarga qaratilgan birorta murojaat yoʻq. Bu esa taloq huquqi erning qoʻlida ekanini ochiq-oydin koʻrsatadi.
Bunda buyuk hikmatlar bor. Avvalo, bu Islomdagi oila tuzilishi va tartibiga mos keladi. Islom erkakni oila uchun masʼul qilib, oilani boshqarish va unga gʻamxoʻrlik qilish vazifasini uning zimmasiga yuklagan. Xotinga esa gunoh boʻlmagan ishlarda eriga itoat qilishni buyurgan.
Shunday oilaviy tartib mavjud ekan, taloq huquqini ayolning qoʻliga berish hikmatga muvofiq emas.
Bundan tashqari, odatda erkak oilaning saqlanib qolishiga koʻproq intiladi. Chunki oilani barpo etish, mahr va nafaqa xarajatlari aynan uning zimmasida boʻladi; ajralish esa avvalo unga ogʻir yuk boʻlib tushadi.
Shuningdek, erdan his-tuygʻularini jilovlash va shoshilmasdan qaror qabul qilish talab etiladi. Afsuski, bugungi kunda jaholat va yengiltaklik aql koʻzini koʻr qilgan ayrim erkaklar bu masʼuliyatni unutib, arzimagan sabab bilan taloqqa shoshilmoqda.
Alloh taolo taloqni joriy etishdagi hikmatni anglagan, taloq natijasida yuzaga keladigan hukmlarni biladigan aqlli erkak birinchi kelishmovchilik yuz bergan zahoti taloq berishga shoshilmaydi. U avvalo sharʼiy yoʻllar bilan — nasihat qilish, vaqtincha ajralib turish, ikki tomondan hakam tayinlash orqali (Niso surasi, 34–35-oyatlar) — kelishmovchilikni bartaraf etishga va uning sabablarini butunlay yoʻqotishga harakat qiladi.
Taloqdan keyin yuzaga keladigan hukmlarning eng muhimi — er bilan xotinni bogʻlab turgan nikoh aqdining bekor boʻlishidir. Idda muddati tugab, nikoh butunlay uzilganidan soʻng ham er-xotinlik munosabati davom ettirilsa, ilgari halol boʻlgan bu munosabat zinoga aylanadi.
Bugungi kunda ayrim erlarning Alloh taolo oʻz qoʻliga bergan bu huquqdan notoʻgʻri foydalanishi shariatdagi kamchilik sababli emas. Buning sababi — musulmonlarning oʻz dinini yaxshi bilmasligidir.
Bunday muammoni hal qilish yoʻli ilohiy qonunchilikni oʻzgartirishga chaqirish emas. Ayrim kishilar esa Gʻarb jamiyatlarida inson ishlab chiqqan qonunlarga taqlid qilib, aynan shunga chaqirmoqda.
Allohning shariati mukammaldir, Uning dinida hech qanday nuqson yoʻq. Nuqson va kamchilik biz — musulmonlarning oʻzimizda.
Xatoni boshqa xato bilan tuzatib boʻlmaydi. Dunyoda notoʻgʻri tushunish yoki notoʻgʻri qoʻllashdan xoli birorta qonun yoʻq.
Bu muammoning davosi — musulmonlarga oʻz dinining asl mohiyatini oʻrgatish va Alloh taolo ular uchun joriy qilgan hukmlardagi hikmatlarni tushuntirishdir.
Alloh taoloning hikmati va rahmatidan biri shuki, U erga taloq qilgan xotinini yana oʻz nikohiga qaytarish huquqini berdi. Er qilgan ishidan pushaymon boʻlsa, xatosini anglab yetsa va xotinining qadriga yetsa, shu huquqdan foydalanishi mumkin. Bu masala haqida keyinroq batafsil soʻz yuritamiz.
Maʼlumki, inson neʼmatning qadrini uni yoʻqotganidan keyin anglaydi. Neʼmatdan mahrum boʻlish Allohning oʻsha neʼmat orqali bergan fazlini va unga qanchalik muhtoj ekanimizni bildiradi. Masalan, sogʻliqning haqiqiy qadrini faqat kasal boʻlganimizda bilamiz.
Shu sababli Alloh taolo erga xotinini birinchi marta taloq qilganidan keyin, xotini hali idda muddatida ekan, yangi nikoh aqdi va mahrsiz uni oʻz nikohiga qaytarish huquqini bergan.
Agar idda muddati tugab qolsa, er unga faqat yangi nikoh aqdi va yangi mahr bilan qayta uylanishi mumkin. Bunda nikohning sahih boʻlishi uchun ayolning roziligi ham shart.
Alloh taolo erga xotinini ikkinchi marta taloq qilganida ham xuddi shunday qaytarish huquqini bergan.
Ammo uchinchi marta taloq qilingandan soʻng ayol birinchi eriga faqat quyidagi shartlar birgalikda bajarilgandagina halol boʻladi:
1. taloq iddasini tugatib, boshqa erkakka turmushga chiqsa;
2. u bilan haqiqiy er-xotinlik hayotini kechirsa;
3. keyinchalik ikkinchi eri ham uni taloq qilsa;
4. ayol shu taloqning idda muddatini ham tugatsa.
Shundan keyingina birinchi eri ayolning roziligi asosida yangi nikoh aqdi va yangi mahr bilan qayta turmush qurishi mumkin.
Bunda bir shart bor: ikkinchi nikoh birinchi eri bilan oldindan kelishib olingan reja asosida boʻlmasligi kerak. Shariatda bunday uydirma nikoh “halola” deb ataladi va u harom hisoblanadi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Taloq ikki martadir. Soʻngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin). Ularga (xotinlaringizga) bergan narsalardan (mahrlaridan) biror narsani qaytarib olishlaringiz sizlarga halol emas, magar (er-xotin) Allohning (oila toʻgʻrisidagi) buyruqlarini bajara olmaslikdan qoʻrqsalar (bu undan mustasno). Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasligidan qoʻrqsalaringiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yoʻq. Bu Allohning (belgilab qoʻygan) hadlaridir. Ulardan tajovuz qilmangizlar! Kim Allohning hadlaridan tajovuz qilsa, ana oʻshalar zolimlardir” (Baqara surasi, 229-oyat).
Izoh: bu evaz shariat tilida “xulʼ” deyiladi. Er ajralishni xohlamagan taqdirda xotini taloq soʻrasa, evaz yoki badal toʻlab erni koʻndirish shariatda joriy etilgan.
“Agar uni (uchinchi marta) taloq qilsa, (u ayol) to boshqa er bilan nikohlanmaguncha (va undan ham taloq olmaguncha) unga halol boʻlmaydi. Bas, agar (keyingi er) uni taloq qilsa, (qaraladi:) agar Allohning buyruqlarini bajara olishga ishonsalar, (avvalgi er bilan) turmushga qaytishlarida gunoh yoʻqdir. Bular Allohning (belgilab qoʻygan) hadlaridir. Ularni anglaguvchi qavm (odamlar) uchun bayon qilur” (Baqara surasi, 230-oyat).
Izoh: bu yerda nikohdan murod — hanafiy mazhabi boʻyicha nikohdan keyingi jinsiy yaqinlik, shofiiy mazhabida esa nikohning oʻzi kifoya.
Mana shu — Hikmat sohibi va Biluvchi Zotning qonunidir.
Shubhasiz, ikkinchi nikoh har ikki tomon uchun ogʻir, ammo ibratli saboq boʻladi. U ikkovini avvalgi oilaviy kelishmovchiliklardan yiroq, pokiza va totuv hayot kechirishga undaydi.
Bunday vaziyatda ayol boshqa erkak bilan turmush qurganida birinchi erining oʻziga qilgan yaxshiliklarini va uning qadrini anglab yetadi. Er esa avvalgi xotinining boshqa erkakka turmushga chiqqanini koʻrib, qalbida paydo boʻlgan rashk tuygʻusi orqali uning qadrini anglaydi.
Kamoliddin domla Mirzayev “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi






