“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida taʼlim va tarbiya uygʻunligini taʼminlash, talabalarning diniy va dunyoviy bilimlarini yuksaltirish maqsadida tashkil etilayotgan ochiq darslar izchil davom etmoqda.
Bugun Hadis fani oʻqituvchisi Xolmurodov Asadulloh domla tashabbusi bilan bilim yurti talabalari ishtirokida navbatdagi nihoyatda dolzarb va yuqori saviyadagi ochiq dars boʻlib oʻtdi.
Dars mavzusi:«Amirlik va qozilik haqida (rahbarga itoat)»



Mashgʻulot davomida Islom dinida adolatli boshqaruv mezonlari, rahbar hamda fuqaro oʻrtasidagi oʻzaro huquq va majburiyatlar sahih hadislar negizida chuqur tahlil qilindi. Dars jarayonida zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanildi.
Darsda ushbu mavzu nafaqat tarixiy manbalar, balki bugungi zamonamiz bilan ham hamohang tarzda yoritildi. Xususan, bugungi kunda yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt tinchligi yoʻlida kechani-kunduzga ulab mehnat qilayotgan muhtaram rahbarlarimizning, davlatimiz yetakchilarining atrofiga jipslashish — milliy yuksalishning bosh omili ekani alohida taʼkidlandi. Islom manbalarida keltirilgan tartib-intizom, rahbar belgilagan qonun-qoidalarga itoat qilish va el-yurt manfaati uchun yagona maqsad yoʻlida birlashish tamoyillari bugungi davlat siyosatining ham fundamental asoslaridan biri ekanligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.



Dars jarayonini oʻquv-ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari N.Djalolov, oʻqituvchi X.Boyxoʻrozov hamda muassasaning boshqa mutaxassis ustozlari bevosita kuzatib bordilar. Kuzatuvchilar darsning tarbiyaviy ahamiyati va bugungi davr talablariga naqadar mos kelishiga, shuningdek, zamonaviy interaktiv metodlarning mahorat bilan qoʻllanganini tahlil qildilar va oʻzaro tajriba almashdilar.
📌 «Koʻkaldosh» OʻMIBY oʻquv-uslubiy boʻlimi






