Din — omonatdir. Uni haqdorlariga yetkazish har bir musulmon zimmasidagi burchdir. Rivoyatlarda kelishicha, Vahb ibn al-Vard shunday degan:
“Qiyomat kuni boʻlganda, Isrofil chaqiriladi. Uning aʼzolari titrab-qaqshaydi. Soʻng unga: «Senga Lavh orqali yetkazilgan narsa borasida nima qilding?» deyiladi.
U:«Uni Jabroilga yetkazdim», deydi.
Keyin Jabroil chaqiriladi. Uning ham aʼzolari titrab-qaqshaydi. Soʻng unga: «Isrofil senga yetkazgan narsa borasida nima qilding?» deyiladi.
U:«Uni elchilarga yetkazdim»,deydi.
Shundan soʻng rasullar keltiriladi va ularga: «Jabroil sizlarga yetkazgan narsa borasida nima qildingiz?» deyiladi.
Ular: «Biz uni odamlarga yetkazdik»,deydilar”.
Ushbu hadis — Alloh taoloning quyidagi soʻzining bayonidir: «Albatta, rasul yuborilganlardan ham va albatta, rasullardan ham soʻrarmiz».
(Qurʼon)
Ushbu rivoyatdan bilinadiki, qiyomat dahshatlari ichida inson aybni boshqalarga yuklashga urinadi. Alloh taolo esa orada omonatga xiyonat boʻlmaganini bandalariga bildirib qoʻyish uchun har bir elchidan:
«Senga berilgan omonatni yetkazdingmi?» deya soʻraydi. Buni koʻrgan inson uchun uzr qolmaydi. U Allohning cheksiz adolatidan hayratda qoladi.
Omonatni ado qilish naqadar muhim ekanini Muhammadﷺning Hajjatul Vadoʻda qilgan taʼkidlari ham koʻrsatadi. U zot uch bor: «Yetkazdimmi?» deya soʻradilar. Soʻng: «Allohim, guvoh boʻlgin, men yetkazdim», dedilar. Bu esa qiyomat kuni ummatdan: «Bizga yetib kelmadi», deya bahona qilish yoʻlini kesish uchundir.
Bu borada ulamolarning masʼuliyati yanada ulugʻroqdir. Chunki ulamolar — paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Ularning zimmasida islom dini taʼlimotlarini keyingi avlodlarga togʻri yetkazishdek buyuk omonat bor.
Xabarlarda kelishicha, bir olimning savol-javobi tugaguncha yetmish nafar oddiy insonning hisobi nihoyasiga yetadi. Shu bois baʼzi ulamolar, baʼzan insonning togʻlarda qoʻy boqib, Allohning ibodatini ado etgan holda, odamlarga tanilmasdan yashab, omonatini Allohga topshirgani afzalroq boʻlishi mumkinligini aytganlar. Chunki bu — qiyomatdagi masʼuliyatning yengilroq boʻlishiga sabab boʻladi.
Hadisda aytilganidek: «Qiyomat kuni haqlar, albatta, oʻz egalariga beriladi. Hatto shoxsiz qoʻy foydasiga ham shoxli qoʻydan qasos olib beriladi».
Adolat toʻla qaror topadigan qiyomatga ozgina masʼuliyat bilan borishning oʻzi ham nihoyatda ogʻir ishdir. Shu sababli, baʼzilar oʻzlariga koʻp masʼuliyat yuklatilishidan qoʻrqqanlar.
ALIAKBAR ABDULLAYEV KOʻKALDOSH OʻMIBY MUDARRISI






