“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Uygʻun domla Gʻofurov ishtirokida “Ilm olish fazilati va talaba odoblari” mavzusida mazmunli ilmiy suhbat boʻlib oʻtdi.
Tadbirni bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) M. Erkayev ochib berdi. U oʻz kirish soʻzida bugungi kunda yoshlarning ilm-maʼrifatga boʻlgan intilishi, ularning maʼnaviy kamoloti hamda jamiyatda munosib oʻrin egallashida ilmning tutgan oʻrni haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.


Shundan soʻng, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uygʻun domla Gʻofurov soʻzga chiqib, “Ilm olish fazilati va talaba odoblari” mavzusida batafsil maʼruza qildi. U oʻz nutqida ilmning yuksak fazilati, uning inson hayotidagi beqiyos oʻrni hamda jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Maʼruzada ilm olish yoʻli sabr-toqat, matonat va chin ixlosni talab etishi alohida taʼkidlanib, bugungi kunda yuksak ilm-maʼrifatga ega, zamonaviy fikrlaydigan hamda chuqur bilimli kadrlarga ehtiyoj tobora ortib borayotgani qayd etildi. Shu bois har bir talaba oʻz zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etib, ilm olishga jiddiy yondashishi zarurligi aytib oʻtildi.



Shuningdek, haqiqiy tolibi ilm nafaqat bilim olishga intilishi, balki oʻzining yuksak axloqi, odobi, kamtarligi va ustozlarga boʻlgan hurmati bilan ham boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozimligi taʼkidlandi. Ilm yoʻlida bardavom boʻlish, duch kelinadigan qiyinchiliklardan choʻchimaslik, vaqtni toʻgʻri taqsimlash va undan unumli foydalanish muhim ekani qayd etildi. Ustozlardan ilm olish jarayonida eʼtiborli boʻlish, ularning nasihat va boy tajribalaridan oqilona foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Maʼruza davomida Uygʻun domla talaba uchun eng muhim jihatlardan biri ota-ona va ustozlar roziligini olish ekanini alohida taʼkidladi. U Qurʼoni karimda zikr qilingan Ibrohim alayhissalom haqidagi qissalarni misol qilib keltirib, ul zotning ota-onaga boʻlgan hurmati va sabr-toqati har bir tolibi ilm uchun ibrat ekanini qayd etdi. Shuningdek, talabalarning kunlik hayot tartibi, xususan, ovqatlanishiga ham eʼtibor qaratish zarurligini, sogʻlom tana va toʻgʻri ratsion ilm olish samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini aytib oʻtdi.
U oʻz fikrlarini quyidagi soʻzlar bilan ifoda etdi:
“Ilmda baraka boʻlishini istagan talaba, avvalo, ota-onasi va ustozlarining roziligini olishi lozim.”
“Tolibi ilm nafaqat kitob bilan, balki oʻzining hayot tartibi, jumladan, ovqatlanishi va sogʻligʻi bilan ham shugʻullanishi kerak.”
Tadbir davomida maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev, ustozlar hamda talabalar faol ishtirok etdilar. Suhbat jarayonida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga batafsil va mazmunli javoblar berildi.


Tadbir yakunida Uygʻun domla Gʻofurov talabalar, ustozlar hamda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi bardavom boʻlishini soʻrab, samimiy duo qildi.

Mazkur ilmiy suhbat talabalarning ilmga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, ularni izlanishga undash hamda maʼnaviy kamolot sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Saidakramov Saidazimxon Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi





