▫️ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2026-yil 5-fevral kuni «Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi»da “Milliy yuksalishning yangi Oʻzbekiston modeli” maxsus kurs darslari tashkil etildi.
🎙 Mazkur maxsus kurs boʻyicha dastlabki darsni taʼlim muassasasi mudiri, PhD Maʼmurjon Erkayev domla tomonidan “Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish” mavzusida olib borildi. Mashgʻulot taʼlim muassasasining pedagoglar jamoasi va talabalar ishtirokida yuqori saviyada oʻtkazilib, unda Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan strategik gʻoyalar va ustuvor yoʻnalishlar chuqur va tizimli tarzda yoritildi.


📋 Maʼruzada mahalla instituti davlat siyosatining markazida ekani, “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” gʻoyasining amaliy mazmuni atroflicha yoritildi. Yangi Oʻzbekiston qiyofasini bevosita mahallalarga olib kirish tashabbusining strategik ahamiyati taʼkidlandi.
🔹 Shuningdek, 2030-yilgacha barcha hududlardagi mahallalarda Yangi Oʻzbekiston qiyofasini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, kompleks infratuzilma yondashuvi — yoʻl, ichimlik suvi, elektr taʼminoti va ijtimoiy obyektlarni rivojlantirish masalalari keng ochib berildi. Mahalla infratuzilmasini mustahkamlashda moliyaviy resurslar, byudjet mustaqilligi va mahallaning iqtisodiy faollik hamda bandlik markaziga aylanishi muhim yoʻnalish sifatida qayd etildi.


📌 Maʼruza davomida urbanizatsiya jarayonlari, “barqaror shahar — barqaror mahalla” konsepsiyasi, mahalla va ijtimoiy birdamlik masalalari ham batafsil tahlil qilindi. Ayniqsa, “Mahallalar avvalo mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylanishi kerak” degan tamoyilning mazmun-mohiyati alohida sharhlab berildi.
Mazkur maxsus kurs darslari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot modelining mazmunini chuqur anglash, milliy yuksalish jarayonida pedagoglar va yoshlarning masʼuliyatini yanada oshirish hamda fuqarolik ongini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
©️ Abdurahmon Ismoilov
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Oʻquv-uslubiy boʻlim uslubchisi
🔵 @kukaldoshuz – diniy-maʼrifiy kanal!
📲 Rasmiy sahifalarimiz:
taplink.cc/kukaldoshuz





