Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti bitiruvchi talabalari Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif talabalarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, yurtimizda olib borilayotgan diniy-maʼrifiy va ilmiy faoliyat bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.


Tashrif avvalida talabalar markaz faoliyati, uning tashkil etilish tarixi hamda asosiy yoʻnalishlari bilan tanishtirildi. Markaz xodimlari tomonidan talabalarga ilmiy-tadqiqot markazining vazifalari, xususan, moturidiylik taʼlimotini oʻrganish, islom aqidaviy merosini tadqiq etish, qoʻlyozma manbalarni oʻrganish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrifning asosiy qismida markaz mutaxassislari tomonidan seminar tashkil etildi. Seminar davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy faoliyati, olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlar, shuningdek, markaz tomonidan nashr etilgan ilmiy va maʼrifiy adabiyotlar haqida soʻz yuritildi. Talabalar ushbu kitoblar, ilmiy maqolalar hamda tarjima ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.


Shuningdek, seminar jarayonida bugungi globallashuv davrida yuzaga kelayotgan turli mafkuraviy tahdidlar, diniy savodsizlik hamda radikal qarashlarning oldini olishda moturidiylik taʼlimotining ahamiyati haqida ham fikrlar bildirildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu markazning jamiyatda sogʻlom aqidaviy qarashlarni shakllantirish, diniy bagʻrikenglik va moʼtadillik gʻoyalarini targʻib etishdagi oʻrni alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tashrif davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
Mazkur uchrashuv talabalarda ilmiy izlanishlarga boʻlgan qiziqishni yanada oshirib, kelgusida diniy-ilmiy sohada faoliyat yuritishlariga katta motivatsiya boʻldi.
©️ Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






