Bugun, 16-yanvar kuni “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida taniqli diniy ulamo Shayx Yusufxon toʻra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.


Tadbir boshida bilim yurti talabalari tomonidan tayyorlangan Shayx Yusufxon toʻra Shokirov hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan “Ilm va maʼrifat yoʻlida kechgan umr” mavzusidagi video rolik namoyish etildi. Mazkur lavha tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Mazkur tadbirga allomaning oʻgʻli, Oʻzbekiston musulmonlari idorasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Muhammad Akmalxon Shokirov faxriy mehmon sifatida taklif etildi.




Tadbirni bilim yurti maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida Shayx Yusufxon toʻra Shokirovning ilm-maʼrifat rivojidagi oʻrni va diniy sohadagi fidokorona xizmatlarini alohida taʼkidladi hamda soʻzni mehmon — Muhammad Akmalxon Shokirovga taqdim etdi.
Muhammad Akmalxon Shokirov oʻz nutqida otalari — Shayx Yusufxon toʻra Shokirovning hayot yoʻllari, ilmga boʻlgan muhabbatlari va ibratli faoliyatlari haqida qimmatli xotiralar bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, tolibi ilmlar uchun ilm olishning fazilati, odob-axloq va masʼuliyat masalalarida muhim maslahatlar berdilar.


Muhammad Akmalxon Shokirovning nutqidan soʻng bilim yurti katta oʻqituvchisi J. Xolmoʻminov soʻzga chiqib, Shayx Yusufxon toʻra Shokirovning ilm yoʻlidagi mashaqqatli faoliyati, shuningdek, u zotning shogirdlari tomonidan bildirilgan eʼtiroflar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir yakunida Qurʼoni karim tilovat qilinib, yurtimizda ilm yoʻlida umrlarini bagʻishlab oʻtgan allomalar haqqiga, shuningdek, Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom boʻlishini soʻrab duo-xayrlar qilindi.






