Koʻkaldosh oʻrta maxsus Islom bilim yurtida 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan bayramona ruhdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir mamlakatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning Konstitutsiyamizga hurmati va sadoqatini mustahkamlash, ularning yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga qaratildi.



Tadbir “Konstitutsiya — inson manfaatlari kafolati” mavzusida tashkil etilib, unda bilim yurti talabalari, oʻqituvchi-ustozlar hamda maxsus mehmon – Toshkent davlat yuridik universiteti Xususiy huquq fakulteti xodimi Mamatmurodov Farrux Farxod oʻgʻli ishtirok etdi.
Uchrashuvni bilim yurti maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Oʻz nutqida u Konstitutsiyaning qabul qilinishi Oʻzbekiston tarixida yangi davrni boshlab bergani, undagi har bir modda xalqning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilganini taʼkidladi. Shuningdek, bugungi tadbirning mazmun-mohiyatini yoritib, yoshlarni Konstitutsiyadan chuqur bilim olishga, huquqiy savodxonlikni oshirishga undadi.



Shundan soʻng soʻz navbati tadbir mehmoni Mamatmurodov Farruxga berildi. U oʻz maʼruzasida Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi oʻrni, unda belgilangan asosiy prinsiplar, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida keng qamrovli maʼlumotlar berdi.
Mehmon oʻz nutqida shunday fikrlarni taʼkidladi:
“Konstitutsiya — bu nafaqat yuridik hujjat, balki xalqimizning orzusi, irodasi va kelajakka boʻlgan ishonchining timsolidir. Har bir yosh bu hujjatni bilishi, unga amal qilishi va uni himoya qilishi — yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim omildir.”

Tadbir davomida talabalar Konstitutsiya boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarini berishdi, davra suhbati ruhida faol fikr almashinuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv yoshlarda Vatanga muhabbat, qonunlarga hurmat, fuqarolik masʼuliyatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
🖋 Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






