«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kungacha davlatimiz bergan bu imkoniyatdan unumli foydalangan holda, bilim yurti rahbariyati va albatta ustozlarining tinimsiz mehnat, hamda saʼy harakatlari bilan bu muassasadan minglab tinglovchilar Alloh taoloning ulugʻ Kalomini mukammal toʻgʻri oʻqishni oʻrganib chiqdilar.



Tinglovchilardan yana bir qanchasi 6-oktyabr kunidan «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursining navbatdagi 64-davra mashgʻulotlarini boshladi.
Yigʻilishda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti «Maʼnaviy ishlar boʻyicha» mudir oʻrinbosari Abdulvosi Gʻaniyev,“Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi ustozlari Bolbekov Botir va Jamalov Lutfullo qatnashdi.


«Maʼnaviy ishlar boʻyicha» mudir oʻrinbosari Abdulvosi Gʻaniyev soʻzga chiqib noqonuniy diniy taʼlim olish va berishning qonun tomonidan taqiqlanganligi va qanday oqibatlarga olib kelishi, bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari, diniy islohotlarning jadal surʼatlarda rivojlanayotgani va boshqa masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.


A. Gʻaniyev oʻquv kursi tinglovchilarining tartib — intizomga rioya qilishlari, oʻz vaqtida darsga kelishlari, belgilangan darslarga muntazam ishtirok etishlari va boshqa intizomga oid tavsiyalarni aytib oʻtdi.
Yigʻilish yakunida «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursining navbatdagi bosqich tinglovchilari haqqiga duoyi-xayrlar qilindi.
J. Ismatov, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti «Qurʼon karim va tajvid» oʻquv kursi uslubchisi






