Yurtimizda 22-23-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari keng koʻlamda mamlakatimizning barcha hududlarida, mahalla va jamoalarda, taʼlim muassasalarida xayriya hashari oʻtkazildi.
Shu munosabat bilan bugun, Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida ham hasharga bagʻishlangan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bilim yurti hovlisi, darsxonalari, kutubxonasi hamda yotoqxona hududlari tozalanib, atrof-muhitni obod etish maqsadida daraxtlar butaldi, gullar va manzarali butalar ekildi.




Hashar jarayonida bilim yurti oʻqituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdilar. Har bir ishtirokchi ushbu ezgu tashabbusga oʻz hissasini qoʻshib, jamoaviy mehnat, mehr-oqibat va vatanparvarlik tuygʻularini amalda namoyon etdi.
Koʻkaldosh bilim yurti mudirining taʼkidlashicha, bu kabi tadbirlar nafaqat muassasa hududining fayzini oshiradi, balki yosh avlod qalbida mehnatsevarlik, jamoatchilik gʻoyalariga sadoqat va ekologik madaniyatni shakllantirishda muhim omil hisoblanadi.



Maʼlumki, hashar — ajdodlardan meros boʻlib kelayotgan milliy qadriyatlarimizdan biridir. Bugun bu anʼana zamonaviy mazmun kasb etib, xalqimizni birdamlikka, bunyodkorlikka, poklik va ozodalikka undaydigan muhim ijtimoiy hodisaga aylangan.
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida oʻtkazilgan ushbu hasharning asosiy maqsadi — muqaddas ilm maskanining holatini yanada yaxshilash, uni yangi oʻquv yiliga tayyorlash, eng asosiysi, yoshlarga ezgulik, mushtaraklik va mehnatsevarlik ruhini singdirishdan iborat boʻldi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






