Bugungi kunda baʼzilar oʻzini «dinga yaqin» deb bilsa-da, aslida dinning ruhini emas, faqat tashqi koʻrinishini muqaddas sanaydi. Bunday kishilar baʼzida mutaassiblikka berilib ketadi. Ammo mutaassiblik — bu dinni tushunish emas, balki uni notoʻgʻri talqin qilishdir.
Mutaassiblik nima?
Mutaassiblik — bu kishining oʻz fikri, qarashi yoki mezonini mutlaq haqiqat deb bilishi va boshqalarning fikrini inkor etishidir. Ayniqsa, dinga doir masalalarda bu holat xavflidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mutaassiblikdan ogohlantirganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
“Uch narsa halokatga yetaklaydi: xasislik, nafsga ergashish va kishi oʻzini haqli deb oʻylashi.” (Tabaroniy rivoyati)
Mutaassib inson aynan shunday boʻladi: oʻzini doim haqli sanaydi, boshqalarga quloq solmaydi.
Islom bagʻrikenglik dini
Islom har doim oʻrtacha yoʻlni, adolat va hikmatni tanlagan. Rasululloh (s.a.v) hech qachon odamlarni kamsitmagan, rad etmagan, hattoki mushriklar bilan ham muomalada odobli boʻlgan.
Alloh taolo Qurʼonda aytadi:
“Rabbingning yoʻliga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat qil…” (Nahl surasi, 125-oyat)
Bu hadis bugungi musulmonlarga ham muhim dars: odamlarni oʻzimizdan qochirish emas, dinni mehr bilan yetkazish kerak.
Bugungi kunda mutaassiblik qanday koʻrinishda?
– Fikr bildirgan odamni darhol “bidʼatchi” deb ayblash
– Diniy masalalarda ilmi boʻlmasa-da, fatvo berish
– Boshqacha kiyingan, boshqacha ibodat qilganlarni haqorat qilish
Ayniqsa, mutaassiblik bugungi globallashuv davrida yosh avlod uchun juda xavflidir. Yoshlarimiz bugun ilm-fan, texnologiya, sanʼat, tadbirkorlik va boshqa koʻplab sohalarda yuksalishga intilayotgan, oʻz oʻrnini topishga harakat qilayotgan bir davrda, ayrim mutaassib guruhlar ularning eʼtiborini chalgʻitishga, yoʻlidan burishga urinishmoqda. Ular yolgʻon gʻoyalarni haqiqat deb koʻrsatib, yoshlar ongini zaharlaydi. Bu esa radikallik, bagʻrikenglikning yoʻqolishi va hatto zoʻravonlikka olib keladi.
Shuning uchun har bir ota-ona, ustoz, imom, va jamoat vakili yoshlarni diniy savod bilan qurollantirishi, mutaassib gʻoyalar oldida himoyasini mustahkamlashi lozim. Yoshlarga chin dindorlik — ilm, sabr, odob, va bagʻrikenglik orqali boʻlishini tushuntirishimiz kerak.
Bu holatlar dinni targʻib qilish emas
Islom dini mutaassiblikka xayrxohlik bildirmaydi. Aksincha, teran oʻylashga, boshqalarga nisbatan murosali boʻlishga chaqiradi.
Islom dini poydevori bagʻrikenglik va yengillik asosiga qurilganini eslashimiz oʻrinlidir. Shu maʼnoda, Imom Buxoriy rohimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Albatta, din yengillikdir. Kim dinda chuqur ketsa, (din) uni yengadi”.
Yuqorida aytganimizdek, mutaassiblikning salbiy oqibatlari juda ham koʻp. Jumladan, oʻzgalarga nisbatan tahqir va malomatlarni yogʻdirish, oʻzganing fikrini eshitmaslik hamda xolislikning yoʻqolishi natijasida haqiqatdan yuz oʻgirish, kishilarni dindan bezdirish, musulmonlar orasida kelishmovchilikni chiqarish va bir qancha xatarlari mavjud.
Xulosa
Mutaassiblik dinga boʻlgan muhabbatning belgisi emas. Bu — johillik bilan aralashgan haddan oshishdir. Islom bu yoʻldan ogohlantiradi va mutaassiblikning har qanday koʻrinishi, xususan, kishining oʻz fikrida murosasiz boʻlishini qattiq qoralaydi. Zero, Alloh taolo Kalomi sharifida marhamat qiladi: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, ogʻirlikni xohlamaydi” (Baqara, 185).
Alloh bizni moʼtadil, bagʻrikeng va odil musulmonlardan qilsin. Har bir harakatimizda ilm, hikmat va odob boʻlsin
Toshkent islom instituti talabasi Abdusalomov Hojimurod “Diniy mutaassiblik, mohiyat, maqsadlar va oldini olish yoʻllari” kitobi asosida tayyorlandi






