Hayoti bashariyatning saodati uchun buyuk Tangri tomonidan yuborilgan eng sodiq, eng toza din islom dini bundan bir ming toʻrt yuz yillar ilgari Arabiston mamlakatidan joriy boʻlib, qum va sahrolarda yurgan badaviy vahshiy xalqlarni madaniy bir holga keltirib, insonlar orasidagi insonlik vazifasini tushuntirib, amaliy ravishda ishlanib, butun dashti biyobondan iborat boʻlgan yerlarni maʼmur qilib, islom madaniyati degan bir narsani jahon maydoniga chiqargandir. Hozirgi asrimizda butun olamga oʻzini tanitgan Yevroʻpa madaniyati shu islom dini soyasida vujudga kelgan arab madaniyatidan dunyoga kelgan. Islom dini birgina firqa uchun kelgan emas; balki butun dunyo insonlari uchun kelib, ularning ikki dunyo saodatlari uchun umumiy rahbar boʻlgandir. Bundan bir necha yuz yillar ilgari Turkistonga kelib, badaviy bir holda yashagan xalqlarni madaniy bir holga keltirib, ulugʻ-buyuk alloma Taftazoniy, Buxoriy, Farobiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Ahror Valiy, Navoiy va shular kabi qancha olim-ulamolar, zoʻr hakimlarni yetishtirgan, Insonlarning aqlini shoshirib, hayratda qoldiradigan togʻ kabi binolar, katta-katta masjid, madrasalarni yasatgan, necha minglab talabalarni oʻqitgan islom dini, islom madaniyati hozirgi asrimiz, hozirgi holimizda mazlum, maʼzun, eʼtibordan soqit boʻlib, oh va nadomat koʻrpasiga oʻralib, oʻlim toʻshagida yotmoqda. Sababi esa: soʻnggi chogʻlardagi ilmsizlik, maʼrifatsiz xonlar elning charogʻi, yoʻlboshchisi boʻlgan ulamolarni oʻz buyruqlari ostiga olib, sof yoʻlni oʻz shaytanat yoʻllariga tatbiq etdirdilar “[1]”. Bechora ulamolar tor koʻzlari, kichik miqyosda topgan tarbiyalari soyasida johil, xoin xonlarning buyrugʻi ostiga kirib, aytganicha ishlamashga majbur boʻldilar. Buning ustiga kengroq tarbiya topgan, kengroq koʻzini ochgan mustabid hukumat bizning el boshliqlarimizning soddaliklaridan istifoda qilib, butkul siyosat roʻlini bizning maʼnaviy hayotimiz, diniy va madaniy maorif taraqqiyotimiz qarshisida oʻynadilar. Ezilish ustiga ezildik, yanchilish ustiga yanchildik. Bora-bora maqsad, degan narsadan ayrildik. Maqsad, muazzam dini muborakimizning haqiqatini yoʻqotib, hayoti bashariyamizni tamom barbod etdik. Inson shaklida boʻlib oʻz yurtimiz, oʻz eshigimizda hayvonlar turmushi, hayvonlar yumushini oʻtamoqdamiz. Ilm, maʼrifat degan soʻzni eshitsak oʻn chaqirim uzoq qochamiz. Alloh taoloning “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar.” “[2]” degan oyati karimasi va Paygʻambarimizning “Chinda boʻlsa ham ilm talab qilinglar” “[3]” degan soʻzini unutdik va amal qilmadik.
Sovet ittifoqi davrida Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida (hijriy 1291 10-zulhijja) Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxoʻja Urganchlik boʻlib, amir Shohmurod zamonida (1780 – 1785) Samarqandga kelib qolgan. U dastlab Samarqand madrasasida, soʻngroq Buxoroda yaxshigina tahsil koʻrgan. Anʼanaviy tahsil, soʻng esa oʻz ustida qunt va sabot bilan ishlash orqali u shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi. 1899-1900-yillarda Behbudiy buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan haj safariga chiqadi. Behbudiy safar chogʻida koʻp ajoyib xodisalarga guvoh boʻldi. Xususan safarda u yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi. Uning tashabbusi va gʻayrati bilan 1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S. Siddiqiy), Rajabamin (A. Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar tashkil topadi. Adib ushbu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Ketma-ket uning «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jugʻrofiyai umroniy» (1905), «Risolai jugʻrofiyai Rusiy» (1905), «Kitobat-ul atfol» (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblari paydo boʻladi. Mahmudxoʻja 1903-1904-yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906-yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan, Nijniy Novgorodda 1906-yilning 23-avgustida Rassiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoy chaqiriladi “[4]”. Behbudiy bu qurultoyda Turkistonlilar guruhini boshqaradi va katta nutq soʻzlaydi. Behbudiy nazarida maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq kerak edi. Millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u oʻz shijoatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi. “Padarkush” shu tariqa maydonga keldi. Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildidagi «Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi», degan yozuv va uning Tiflis senzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni koʻrsatadiki, ish oson koʻchmagan. Pyesa bosilib chiqqandan keyin ham uni sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketdi. Muallif bu haqdagi xatlarga javoban kinoya ohanggida: “Turkistonda bekor odam yoʻqki, xalq uchun ishlasa. Bekor kishi yoʻqki, teatru sahnasiga chiqib, “masxarabozlik” qilsa”, deb yozgan edi. “Padarkush” – oʻzbek dramachiligining yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmuniga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif asarda jaholat va nodonlik, oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib, oʻz otasini oʻldirgani haqida hikoya qiladi. Jaholat va nodonlik otaning ham, bolaning ham boshiga yetadi. Agar butun millat shu ahvolga tushsachi?!..
“Padarkush” dastlab Samarqandda 1914-yilning 15-yanvarida sahnaga qoʻyildi. “Xalq nihoyatda koʻp kelib, bilet yetmagani va joyni yoʻqligi uchun uch-toʻrt yuz kishi qaytib ketdi”, deb yozadi mahalliy matbuot. Toshkentda 1914-yilning 27-fevralida Avloniyning “Turon” truppasi Kolizey (hozirgi Savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlagan edi. Spektakl oldidan mashhur Munavvar qori Abdurashidxonov teatrning jamiyat hayotidagi roli va oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Boy rolini Abdulla Avloniyning oʻzi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi. 1913-yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullanadi. Aprel oyidan “Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20 avgustidan u “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼrlar, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi…
Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizgʻin shugʻullandi. «Nashriyoti Behbudiya» nomi bilan oʻz xususiy nashriyotini ochdi. Fitratning “Bayonoti sayyohi hindi” asarini 1913-yilda ruschaga tarjima qildirib, nashr etdi. Turkiston xaritasini tuzib, bosmadan chiqardi. Kutubxonani yoʻlga qoʻydi. Oʻsha davr vaqtli matbuotida “Behbudiy kutubxonasi” haqidagi xabarlar chiqa boshlangan edi “[5]”. M.Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor qaratdi. Birgina uning “Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqiga, tarixiga til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida boʻlgan. Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913-yil avgust, birinchi – nishona sonidayoq, “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi. Fitratning jurnalda bosilgan maqolalaridan biri «Himmat va saboti boʻlmagan millatning haqqi hayoti yoʻqdur», deb nomlangan. «Tushundigim zamon koʻnglum yonar, yigʻlamoq istarman, koʻz yoshlarim kelmaydur», deb boshlanar edi maqola. Adib taraqqiyot va turmushda Yevroʻpodan yer va osmon qadar uzilib qolgan Turkistonning fojiali ahvolidan soʻz ochgan edi. Behbudiy Eng boy tillardan boʻlgan inglizchaning ham “oʻn minglar ila begona lugʻatlarni majburan olganligini” dalil qilib koʻrsatadi va masalaning boshqa jihatiga – yagona adabiy til, til birligiga diqqatni qaratadi.
Behbudiy Toshkentda Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokaralar olib boradi lekin u ham natija bermaydi. Oqibatda Behbudiy 1919-yilning bahori 25-martda Shahrisabzda qoʻlga olinib, sirli bir tusda Qarshi shahrida qatl qilinadi. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt boʻlgan Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻladi. 1920-yilning aprelida butun Turkiston motam tutadi. Oʻnlab marsiyalar yoziladi. Fitratning bir sheʼri “Behbudiyning sagʻanasini izladim” deb atalar edi. Ayniyning misralaridan biri quyidagicha boshlanar edi.
Sani mundin buyon Turon,
koʻrolurmu, koʻrolmasmu?
Saning mislingni Turkiston
topolurmu topolmasmu?
1926-37 yillarda 11 yil davomida Qarshi shahri Behbudiy nomi bilan yuritildi. Biroq uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Adib nomining adabiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi. Qarshi sh ahriga uning nomi qoʻyilgan oʻsha 1926-yildayoq u mansub boʻlgan jadidchilikni aksilinqilobiy, aksilshoʻroviy harakat sifatida qoralash kampaniyasi boshlab yuborilgan edi. 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligi keng nishonlanadi. Mutafakkirning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr oʻzbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi va avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoldi. Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyani tashkil etilishi ham yurtimiz yoshlari qalbida yuksak bilim va maʼrifatlik, vatanparvarlik tuygʻulari joʻsh urib turadi, faxr va iftixor tuyadi. Qachon biz ham zamoni saodat kabi boʻlgan shu zamondan foydalanib, gʻaflat toʻshagidan turib, jaholat zanjiridan qutilib, din va maslagimizni qattigʻ ushlab, umumiy bir fikrda xatti-harakat qilsak, shoyad buning soyasida Turkistonda oʻlim toʻshagida yotgan islom dini, islom madaniyati sogʻlom boʻlib, huquqi insoniyatimizdan muhrum boʻlgan biz Turkiston yerli xalq musulmonlari madaniyati azaliyamizni qayta topib, madaniyat va taraqqiyoti abadiyga erishamiz.
Raxmatulloh Abdumalikov, Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






