Alloh taolo marhamat qiladi: “…Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat). “Ankabut” surasi 46-oyatida esa: “(Ey, moʼminlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar…”, deyilgan. Demak, Qurʼoni karim musulmon mamlakatlarida boshqa dinlarga nisbatan munosabat va diniy eʼtiqod erkinliklari masalalarida asosiy manba boʻlib xizmat qilgan. Shunday ekan, bundan islomning boshqa diniy eʼtiqoddagi kishilarga nisbatan insonparvar, adolatparvar ekanini koʻrishimiz mumkin. Qaysi jamiyatda diniy bagʻrikenglik tamoyillari hayotda oʻz talqinini topsa, oʻsha jamiyatda oʻzaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik boʻlmagani kabi diniy bagʻrikengliksiz tinchlik barqaror boʻlmaydi. Islom dini oʻzga din vakillari bilan boʻladigan kundalik aloqalarga alohida urgʻu bergan. Xususan, qoʻshnichilik aloqalari, boshqa din vakillarining taomidan isteʼmol qilish, ularga uylanish mumkin ekani, ularni gʻiybat qilish ham gunoh ekani, moliyaviy aloqalar oʻrnatish, ulardan qarz olish, qarz berish, ularga omonat qoʻyish, musulmon boʻlmagan kishini maqtash kabi masalalarda oyat va hadislar kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari maʼlum va mashhur. Saʼd ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: “Muqavqis Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hadya yubordi. Bas, u zot uni qabul qildilar”. Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Imom Saraxsiy “Mabsut”da quyidagi rivoyatni keltirgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Muqavqis hadya qilgan choponlari bor edi.[1] Ul zot uni hayit va juma kunlari hamda huzurlariga elchilar kelganida kiyar edilar”. Imom Buxoriy hazratlari oʻzlarining “al-Adab al-Mufrad” kitoblarida shunday hadisni rivoyat qiladi: Mujohid aytadi: Men Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuning huzurida edim. Uning xizmatchisi bir qoʻyni soʻyib, uning terisini shilayotgan edi. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu xizmatchiga qarab: Qoʻyni soʻyib boʻlgach goʻshtni birinchi boʻlib yahudiy qoʻshnimizdan boshlab tarqat, dedi. Oʻsha yerda turganlardan biri: “Alloh sizni toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin! Yahudiydan boshla!”, dedingizmi, dedi. Shunda u zot: Men Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan qoʻshniga yaxshilik qilish haqida juda koʻp eshitganman, hatto qoʻshniga meros berishni tayinlasalar ham kerak, degan xayolga ham borganmiz, dedilar. Imom Buxoriy oʻz kitoblarida keltirishlaricha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot etgan vaqtlarida kiyimlari bir yahudiyning qoʻlida garov evaziga berilgan edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning sahobalari U zot uchun jonu mollarini fido qilgan insonlar edi. Ular ichida Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhumo kabi boy sahobalar ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birgina ishoralari bilan bor budlarini u zotning oyoqlari ostiga olib kelib tashlar edilar. Lekin shunday boʻlsa-da Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻzga din vakilidan qarz olganlar. Buning sababi oʻzlari namuna boʻlib jamiyat birdamligi uchun ular bilan qanday muomalada boʻlish kerakligini ummatlariga koʻrsatib berganlar. Demak, Islom shariatida oʻzga din vakillari bilan inoq munosabatda boʻlishga oid munosabatlar aniq belgilab berilgan. Buyuk ajdodlarimiz oʻzga din vakillari bilan qanday munosabatda boʻlish lozim ekanini oʻrgatib, oʻzlari bu holatda barchaga namuna boʻlganlar.
Bugungi kunda dunyodagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikka millatlar va dinlararo ziddiyatlar, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlarning jiddiy xavf-xatari mavjudligi, globallashuv sharoitida Oʻzbekistonda millatlar va dinlararo munosabatlar masalasida xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas.Ayni kunlarda dunyoda geosiyosiy raqobat tobora kuchayib, ayrim kuchlar tomonidan xalqlar ongiga egalik qilish orqali turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro nizo va ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish, mamlakatni kuch-qudratini kamaytirib, hududni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy tomondan oʻz taʼsir doirasiga olishga urinishlar kuchaymoqda. Hozir kunda jahon miqyosida yuz berayotgan diniy toqatsizlik holatlari boshqa din vakillariga oʻta murosasizlik, bir din ichidagi mojaroli munosabatlar hamda dunyoviy tuzumga qarshi kurash yoki xalqaro darajadagi qarama-qarshiliklar bilan bogʻliq boʻlib turibdi. Zero, barcha dinlar qatori Islom oʻzidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) eʼtirof etibgina qolmasdan, ularning madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda boʻlishga buyurgan. Islom doimo barcha din va eʼtiqod vakillarini adolat oʻrnatishda, xavfsizlikni taʼminlashda va begunoh odamlarni qoni toʻkilishini oldini olishda hamkorlik qilishga chaqiradi. Diniy bagʻrikenglik turli din vakillari eʼtiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qatʼiy nazar ularning yonmayon, oʻzaro tinch totuv yashashi hamda har bir diniy taʼlimotga hurmat bilan qarashni anglatadi. Har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkin boʻlgani holda, bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini eʼtirof etmoq lozim. Islom adabiyotida ham tenglik va bagʻrikenglik tamoyillari keng targʻib etilgan. Masalan, Imom al Buxoriyning “Al-adab al Mufrad” asarida barcha insonlarning oʻzaro hamjixatlikda yashashligi xaqida yozilgan. Jumladan, Abu Hurayra r.a rivoyat qiladi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizga hasad va adovat qilmang, dunyo ishlarida sendan men oʻtaman, deb janjallashmang, bir-biringizga teskari boʻlmang. Ey Allohning bandalari, hammangiz aka-uka boʻlinglar” dedilar. Bundan koʻrinib turibdiki, jamiki insonlar bir-birini hurmat qilishi, qoʻllab-quvvatlashi va oʻzaro nizolarga bormasliklari lozim.
Sharq adabiyotida “Maʼnolar otasi” deb tanilgan Mirzo Abdulqodir Bedilning shunday ruboisi bor:
Sheʼrim menga necha yuz zabondin keladir,
Koʻpdan beri, koʻp vaqtu zabondin keladir.
Tavrot emaski ul, to taxmin etsam:
Bir yoʻla magarki osmondin keladir…
Ushbu ruboiyda Tavrotning osmondan kelishini taʼkidlash bejizga emas, chunki Qurʼonda Tavrot va Injil hurmat ila nomga olinadi.[2] Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom dinida insonlarni turli dinlarga eʼtiqod qilishi Allohning xohishiga koʻra boʻladigan ish ekani musulmon kishi oʻziga yuklatilgan vazifani bajarishga masʼul ekani taʼkidlangan. Turli din vakillari, xususan, ahli kitoblar hisoblangan yahudiy va nasroniylar bilan agar ular musulmonlar bilan tuzilgan bitimni buzishmasa, iliq munosabat oʻrnatishga chaqiriladi. Albatta, bagʻrikenglik turli din vakillarini bir zaminda bahamjihat, hamkorlikda yashashga chaqiradi. islomda bir jamiyatda yashovchi boshqa din yoki millat vakillari uchun shaxsiy erkinlik, hurfikrlik, aqida mustaqilligi, daxlsizlik masalalari toʻliq kafolatlanadi. Umuminsoniy qadr-qimmatlar bilan yoʻgʻrilgan islom dinidagi totuvlik va bagʻrikenglik masalalari hali ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.Demak, Islom dini musulmonlarni oʻz dindosh birodarlariga va barcha insonlarga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda, oʻzaro tinchlik va totuvlikda boʻlgan boshqa din vakillariga ham yaxshilikda va mehr-shavqatda boʻlishlariga buyurgan.
[1] Imom Saraxsiy “Mabsut” asari
[2] Nargisbegim.uz jurnali
Abdumalikov Raxmatulloh, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






