Alloma Ibn Obidiyn rohimahulloh “Sharh uqud rasmul muftiy” nomli kitoblarida Alloma Ibn Kamol Poshshodan hanafiy fuqaholarining tabaqalari haqidagi gaplarini keltirganlar. Ular etti tabaqadan iboratdir.
Birinchi tabaqa: mujtahidlar tabaqasi, bu darajadagi zotlar toʻrt mazhabboshi imomlar va ularning zamonida yashagan boshqa olimlar boʻlib, usul qoidalarini asos solish va dalillardan masalalarning hukmini chiqarishda hech bir kishiga taqlid qilmaganlar.
Ikkinchi: mazhab ichidagi mujtahidlar, ular Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad va Abu Hanifa rohimahullohning boshqa shogirdlari, mazkur mujtahidlar ustozlari aytgan qoida asosida dalillardan hukm chiqarishga qodir boʻlib, usul qoidalarida ustozlariga ergashsada, baʼzi kichkina masalalarda qarshi chiqqan joylari ham bor.
Uchinchi tabaqa: mazhab sohiblari orqali rivoyat kelmagan masalalarda ijtihod qiluvchi mujtahidlar boʻlib ularga Xassof, Abu Jaʼfar Tahoviy, Abul Xasan Karxiy, Shamsulaimma Halvoniy, Saraxsiy, Faxrulislom Pazdaviy, Faxriddin Qozixon va boshqalar kiradi. Ular usulda ham farʼiy masalalarda ham imomlariga qarshi chiqa olmadilar. Ammo mazhabboshi imomlari tarafidan biror masalaning dalili boʻlmasa ularning qoidalari asosida, unga hukm qilishga quvvatlari boʻladi.
Toʻrtinchi tabaqa: taxrij sohiblari boʻlib Imom Roziy va boshqalar kiradi. Ular ijtihodga aslo qodir emaslar, lekin ular masalalarni qayerdan olinganligini va usul qoidalarni yaxshi bilashadi. Mazhab sohibi va shogirdlari tarafidan naql qilingan mujmal va muhtamal masalalarga ularning qoida va qarashlari asosida bayon qilish farʼiy masalalarni bir-biriga solishtirish va muqoyasa qilishga qodir boʻladilar.
Beshinchi tabaqa: tarjiyh sohiblari Abuxusayn Quduriy, “Hidoya” kitobi sohibi va boshqalar. Ularning vazifasi baʼzi rivoyatlarni baʼzisidan “haza avlaa”, “haza asahhi rivayatan”, “haza avzah”, “haza avfaqu bilqiyos” degan soʻzlari bilan afzalini aytib berishdan iborat.
Oltinchi tabaqa: kuchli va zaifni orasini ajrata biladiganlar. “Kanz”sohibi, “Muxtor”sohibi, “Viqoya”sohibi, “Majma’”sohibi va boshqalar. Ularning vazifasi kitoblarida zaif rivoyat va mardud qavllarni naql qilmaslikdan iborat.
Yettinchi tabaqa: yuqorida zikri kelgan shartlarning hech biri topilmaydigan kishilar boʻlib, ular hech bir narsaga qodir emas va yana semiz bilan oriqni, oʻng bilan chapni orasini ham ajrata bilishmaydi.
“Usulul ifto va adabuhu” kitobidan Mirzaev Kamoliddin tarjima qildi.






