Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
29-hadis
Qishning sovuq kuni edi. Hasan non sotib olib uyga qaytayotgan edi. Yoʻlda u badani suyaklariga yopishib ketgan juda ozgʻin bir itning savatdagi nonlariga moʻltillab qarayotganini koʻrdi. Bechora hayvonning holatiga Hasanning rahmi keldi. Ammo u oʻziga-oʻzi, “Agar hozir unga nondan bersam onamning jahli chiqadi”, dedi. Lekin baribir jim ketaverishga vijdoni yoʻl qoʻymadi.
Darhol savatini qor ustiga qoʻyib ichidan bitta nonni olib toʻgʻray boshladi. Uning qilayotgan ishigni koʻrib qolgan bir kishi oʻz savatidagi nonlardan birini Hasanning savatiga solib qoʻydi.
Hasan uyiga kelganida savatdagi nonlar kamaymagan edi. U bundan gʻoyatda ajablandi. Ehtimol Hasan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini bilganida bu qadar ajablanmagan boʻlar edi:
ما نقصت صدقة من مال
“Sadaqa molni kamaytirmaydi” (Muslim, Birr 69)
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






