Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
26-hadis
Bir kuni Ahmad bozorga tushib zarur narsalarni xarid qilmoqchi edi. Erta turib bozorga otlandi. Bozordan kerakli narsalarni xarid qildi. Barcha xaridlarini uncha katta boʻmagan bir xaltaga joylashtirdi. U temir buyumlar doʻkonidan sotib olingan egov jigar solingan sellofan xaltani yirtib qoʻyishini oʻylab ham koʻrmadi. Uyga kelgach egovni olib qarasa, jigarning qoniga bulgʻangan ekan. Shu bois keyinroq yuvish uchun egovni eshik oldida qoldirdi. Qaytib kelib qarasa, qon hidini sezib kelgan mushuk egovni yalayotgan ekan.
Ajablanarlisi shundaki, egovdagi qon butkul yoʻqolishni oʻrniga hech tugay demasdi. Mushuk esa yanada ortib borayotgan yangi qonni ishtaha bilan yalash bilan ovora edi.
Vanihoyat gap nimadaligini tushunib yetgan Ahmad bechora mushukni “Pisht, pisht!” deya xayday boshladi.
Mushuk esa oʻljasini olib qoʻyyapti deb oʻylab Ahmadga gʻazabnok qarab turardi.
Shoʻrlik mushuk egov tilini jarohatlagani va u hozir oʻzing qonini yalayotganini bilmayotgan edi-da.
Ahmad boʻlib oʻtgan hodisani otasiga aytib berganida, otasi kulib qoʻydida shunday dedi: “Baʼzi insonlar sening mushugingga oʻxshaydilar. Ular oʻzlarining nojoʻya ishlari oʻzlarigagina zarar keltirishini tushunmaydilar. Xuddi shu mushuk singari, ular oʻzlarini yomon ishlardan qaytarayotgan insonlardan ranjiydilar”.
Shunda Ahmad eʼtiroz bildirdi: “Ularni yomon ishlariga toʻsqinlik qilish kerak emas. Ishlari yomon ekanligini oʻzlari tushunib yetishadi”. Bunga otasi shunday javob berdi: “Biz ularning yomon ishlar qilishlariga qarab turmasligimiz kerak, oʻgʻlim. Bizning vazifamiz ular yomon ishlaridan qaytishlari uchun harakat qilmoqlikdir. Bu bilan ana shu insonlarga ham, jamiyatga nafimiz tegadi”. Soʻng u Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislari oʻqib berdi:
“Sizlardan kim biror yomon ishni koʻrsa, qoʻlini bilan qaytarsin. Agar bunga qodir boʻlmasa, tili bilan. Agar unga ham qodir boʻlmasa, qalbi bilan qarshi boʻlsin.”
مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ , فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ , وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإيمَانِ
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






