Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
21-hadis
Neʼmat qoʻzichoqlarni juda yaxshi koʻrar edi. U otasi sovgʻa qilgan qoʻzichoqqa yoz boʻyi gʻamxoʻrlik qilib qaradi. Chindan ham bu juda yoqimli edi. Bu ajoyib qoʻzichoq kun davomida uning ortidan yugurib, shoxchalari bilan qoʻllariga suykalib oʻynaganida ikkisi ham cheksiz zavqlanar edi.
Otasi bir necha bor Neʼmatni ogohlantirib: “Qara oʻgʻlim, eshikni ochiq qoldirma, qoʻzichoq uy ichiga kirib hamma narsani ostin-ustun qilishi mumkin” – der edi.
Bir kuni Neʼmat uyga toʻpini olish uchun kirdi. Garchi otasining gaplari yodida boʻlsa ham eshikni yopmadi, chunki tezda qaytib chiqish niyati bor edi. U shoshib uyga kirar ekan ortidan qoʻzichoq ham kirganini sezmay qoldi. Qoʻzichoq tuyoqchalarini taqillatib, moviy koʻzlari bilan Neʼmatni qidirar ekan, xona toʻridagi katta koʻzgu oldiga yaqinlashdi. Koʻzgudagi oʻzining aksini yana bir qoʻzichoq deb oʻylab uni suzish uchun harakatlandi. Bu notanish qoʻzi ham shoxlarini toʻgʻirlab qoʻrqmasdan oʻzi tomon kelayotgani uning achchigʻini keltirdi.
Raqibidan oldinroq harakat qilish uchun bor kuchi bilan koʻzgudagi aksiga tashlanib qoldi. Shu payt parchalangan koʻzguning ovozi jaranglab ketdi. Qani edi, Neʼmat Nabiy sollallohu alayhi va sallamning turli vaqtlarda yosh sahobalar Abdulloh ibni Umar va Abdulloh ibn Amrga aytgan soʻzlarini bilganida, ehtimol otasining gaplariga eʼtibor bilan yondashgan boʻlar edi! Zero, U zot sollallohu alayhi va sallam shunday degan edilar:
أطع أباك!
Otangga itoat qilgin! (Ahmad ibn Hanbal, “Musnad”)
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






