Qurʼoni karimda “yoqtirmaslik”, “istamaslik”, “yomon koʻrish” maʼnolarida keladigan كره soʻzi qoʻllanadi. Bu soʻz baʼzida “kof” harfining zammasi bilan كُره tarzida keladi. Bunda “yoqtirmaslik” insonning tabiatidan kelib chiqqan holda yuz beradigan ishlar boʻladi. Qurʼoni karimda jang haqida kelgan oyatda:
كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِتَالُ وَهُوَ كُرْهٌ لَكُمْ
“Sizga yoqmasa ham, jang qilishingiz farz qilindi…”
Bu oʻrinda كُره soʻzi ishlatildi, chunki inson tabiatan jangni yoqtirmaydi. Yana bir oyatda Alloh taolo marhamat qiladi:
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador boʻldi va uni qiynalib tugʻdi”.
Homilador boʻlish, farzandni dunyoga keltirish onaga mashaqqatli ish hisoblanadi. Inson fitrati esa qiyinchiliklarni yoqtirmaydi.
“Kof” harfining fathasi bilan كَره tarzida ishlatilsa tashqi omillar sababli paydo boʻladigan, uning muqobilida طوع yaʼni “boʻysunish” turadigan “yoqtirmaslik” tushuniladi. Bunga misol Qurʼoni karim oyati:
ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ وَهِيَ دُخَانٌ فَقَالَ لَهَا وَلِلْأَرْضِ اِئْتِيَا طَوْعًا أَوْ كَرْهًا قَالَتَا أَتَيْنَا طَائِعِينَ
“Soʻngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va yerga: “Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur boʻlgan holingizda keling!” dedi. Ikkovlari: “Ixtiyor qilgan holimizda keldik”, dedilar”.
Suxrob Umarov
“Koʻkaldosh” OʻMIBY mudarrisi






