Samoviy kitoblarning eng ulugʻi va soʻnggisi boʻlmish Qurʼoni karim nozil boʻlgan til – arab tilining goʻzalligi namoyon boʻlishi uchun baʼzi soʻzlarni oʻrganib chiqamiz.
Agar Qurʼoni karimda الأبوين soʻzi ishlatilsa, demak ota tarafga moyil boʻlish bilan birgalikda ota-ona qasd qilingan boʻladi. Chunki til qoidasi boʻyicha الأبوين soʻzi الأبوة oʻzagidan kelib chiqqan va otaga nisbatan qoʻllanadi.
Agar Qurʼoni karimda الوالدين soʻzi ishlatilsa, demak ona tarafga moyil boʻlish bilan birgalikda ota-ona qasd qilingan boʻladi. Chunki الوالدين soʻzi الولادة “tugʻmoq” oʻzagidan kelib chiqqan boʻlib ayol kishiga xos.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda barcha meros, masʼuliyatni koʻtarish, jismga oid mashaqqatlar haqidagi oyatlar kelsa, erkak kishiga munosib boʻlishi uchun الأبوين soʻzi ishlatiladi. Chunki nafaqa qilishga erkak masʼul. Erkak olgan merosidan masʼuliyati doirasidagi insonlarga xarajat qiladi. Ayol esa meros olsa oʻzi uchun sarf qiladi. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
ولأبويه لكل واحد منهما السدس مما ترك
“Agar uning bolasi boʻlsa, u tark qilgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir”
ورفع أبويه على العرش
“Va ota-onasini taxtga koʻtardi”
Biroq Qurʼondagi barcha tavsiya, magʻfirat, duo, ehson qilish oʻrinlari kelsa onaning fazliga muvofiq boʻlishi uchun الوالدين soʻzi ishlatiladi.
ووصينا الإنسان بوالديه إحسانا
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik”
وقضى ربك ألا تعبدوا إلا إياه وبالوالدين إحسانا
“Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi”
Qurʼonning har bir soʻzini ham balogʻatli qilib nozil qilgan Alloh taolo ayb nuqsonlardan pokdir.
Suhrob UMAROV
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti mudarrisi






