Maʼlumki, 19-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrorizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan deb topilgan mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar roʻyxati eʼlon qilindi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita xabar berdi.
Shu munosabat bilan bugun 20-may kuni taʼlim muassasasida maxsus kursi doirasida ushbu mavzu keng yoritib berildi.


Maʼruzaga Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassisi Mukaramxonov Nurulloxon taklif etildi.
Mutaxassis maʼruzada soʻngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan ekstremistik va terroristik mazmundagi targʻibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilayotgani, bu esa, oʻz navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi maʼlumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qoʻyayotgani haqida aytib oʻtdi.
Maʼruzachi noqonuniy deb topilgan kontentlardan aholini xabardor etish – mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan faoliyatning samaradorligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanishligini taʼkidlab oʻtdi.
Hamda Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiningN “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4436-son qaroriga koʻra, Adliya vazirligi va Oliy sud oʻzining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar roʻyxatini eʼlon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlashi belgilanganligini aytib oʻtdi.


Bundan tashqari, maʼruzachi Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qarori tafsilotlarini bayon qildi.
Mukaramxonov Nurulloxon diniy mazmundagi materiallar tegishli qonun hujjatlariga koʻra jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeiga qarab yoki boshqa holatlarga koʻra kamsitish yoxud oʻzga shaxslar mahsulotlarini obroʻsizlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish;
urush, zoʻravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm gʻoyalarini targʻib etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborotni tarqatish;
diniy eʼtiqodni oʻzgartirishga daʼvat qilish;
dindorlarning diniy tuygʻularini haqorat qilish yoki kamsitish;
fuqarolarni oʻz konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash kabi gʻoyalar aks etgan materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlash va tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida aytib oʻtdi.
Davra suhbati yakunida Mukaramxonov Nurulloxon talabalarning mazkur mavzuga oid berilgan savollariga batafsil javob berdi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi matbuot xizmati





