Aslida fosid savdoni qaytarish sotuvchiga ham, xaridorga ham vojib boʻlgan amallardan hisoblanadi. Lekin shu bilan birga xaridorning tovarni qoʻlga olishi bilan (xobiys) yomon koʻrilgan boʻlsa-da, mulkni keltirib chiqaradi, mana shu eʼtibordan quyidagi ishlar kelib chiqadi:
- Bunga oʻxshash savdolarga shariat ruxsat bermaganligi uchun kirish joiz emas va bu savdoni yuritishdan sotuvchi va xaridor tiyilishi vojib boʻladi.
- Agar fosid savdoda xaridor tovarni qoʻliga olmagan boʻlsa, uning mulkiga oʻtmaydi, lekin uning mulkiga oʻtkazadigan tasarruflar bilan oʻtishi bor masalan: fosid savdo bilan sotib olingan (xaridor qoʻliga olmasdan turib) bugʻdoyni sotuvchi xaridorga un qilishga buyuradigan boʻlsa, mana shu holatda xaridor qoʻlga olgan hukmida boʻladi.
Fosid savdoda xaridor tovarni haqiqatan yoki hukman qoʻliga oladigan boʻlsa, bu savdoni sotuvchi va xaridorga buzish vojib boʻladi.
Xaridor uni qabul qilganda uning mulkiga oʻtadiyu, lekin tovardan yeb- ichishi, kiyishi yoki unda biron tasarrufni amalga oshirishi joiz boʻlmaydi, lekin fosidlikni ketkazadigan yangi bitim bilan boʻlsa joiz, yaʼni yangi aqd bilan savdoni amalga oshiradi.
Xaridor fosid savdo orqali mulkka ega boʻlib, unda tasarruf qila oladi, Masalan: olgan narsasini uchunchi shaxsga sotishi mumkin, lekin mana shu qilingan savdoda biron foyda hosil boʻladigan boʻlsa, unga halol boʻlmaydi, balki, sadaqa qilish vojib boʻladi.
Fosid savdoda xaridorning qoʻlida tovar halok boʻlsa yoki qaytarib olishni man qiladigan darajadagi tasarrufni qilgan boʻlsa, sotuvchiga tovarni oʻxshashini qaytaradi. Masalan: kitob olgan boʻlsa, oʻsha kitob halokatga uchradi, demak bunda oʻshanday kitobni qaytarish kerak boʻladi, agar qiymatli narsa boʻlsa, masalan qoʻy olgan boʻlib, oʻsha qoʻy halokatga uchradi. Demak, bu qoʻyning qiymatini toʻlab beradi, chunki oʻsha qoʻyga vaznda jussada oʻxshashini topish muammo boʻlgani uchun savdodagi kelishilgan narxni sotuvchidan qaytarib oladi.
Fosid savdoda tovarni sotuvchiga qaytishini man qiladigan ishlar quyidagilar: - Xaridor olgan tavarini uchunchi shaxsga sotib yuborishi, qaytib boʻlmaydigan qilib hiba qilish, vaqf qilish va xaridor vasiyat qilganidan keyin vafot qilishi.
- Tovar xaridorning huzurida halok boʻlishi.
- Xaridor tovarni uchinchi shaxsga garovga qoʻygan boʻlishi, agar garov yechiladigan boʻlsa, unda qaytib olsa boʻladi.
- Xaridor sotib olgan narsasida biror ziyodalik qilib qoʻygan boʻlsa, masalan, sotib olingan narsa material boʻlib, xaridor uni boʻyashi, kiyim qilib tikib qoʻyishi, yoki olgan narsa yer boʻlib, unga bino, daraxtlar oʻtqazgan boʻlsa. Agar sotib olgan narsasi qoʻy yoki mol boʻlib, tugʻish bilan ziyodalashgan boʻlsa, qaytarishni man qilmaydi .
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudarrisi Mirzayev Kamoliddin






