Ilm va maʼrifat maskani Koʻkaldosh madrasasida chorak asr — 25 yil davomida sidqidildan ustozlik qilgan fidoyi ustoz va xodimlar munosib taqdirlandilar. Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti oliy toifali fiqh fani oʻqituvchisi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi aʼzosi, Jaloliddin domla Xolmoʻminov, tafsir fani oʻqituvchisi Toʻlqin domla Karimov, hadis fani oʻqituvchisi Shokirjon domla Madaminov, Aqoid fani oʻqituvchisi Qudratulloh domla Sidiqmetov, bilim yurti kadrlar boʻlimi xodimasi, Haj-2026 mavsumining “Prezident hojisi” Sh.Neʼmatova uzoq yillik faoliyatlari eʼtirof etilib bilim yurti rahbariyati hamda bilim yurti kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.



Bu eʼtirof shunchaki mukofot emas, balki ilm yoʻlida sarflangan umr, minglab shogirdlar qalbiga ekilgan maʼrifat urugʻlari va din-u diyonat xizmatida oʻtgan muborak mehnatning yuksak qadrlanishidir.
Ustozlarning sabr-toqati, ixlosi va fidoyiligi bugungi avlod uchun ibrat, ertangi kun uchun esa yorqin yoʻldir. Zero, ilmni ulugʻlagan xalqgina yuksaladi, ustozni eʼzozlagan jamiyatgina baraka topadi.
Alloh taolo aziz ustozlarimizning xizmatlarini dargohida maqbul aylasin, umrlariga baraka, ilm-u amaliga ziyoda fayz ato etsin. Ularning muborak izlari kelajak avlodlarga hamisha nur sochib tursin.



Koʻkaldosh OʻMIBY maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari, kasaba uyushmasi raisi A.Gʻaniyev





