Dinimizning besh ustunidan biri boʻlgan haj ibodati mol va bilan ado etiladigan amaldir. Zero, ushbu ibodat bilan inson oʻzining Rabbisiga nisbatan zaif va ojiz ekanini, uning marhamatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Banda ehrom kiyishi bilan oʻzining Rabbisidan chalgʻituvchi barcha dunyo mashgʻulotlaridan xoli boʻladi. Arafot togʻida turib, Robbisiga tazarru qilib, fazli va inʼomiga shukr va hamd aytadi. Gunoh va kamchiliklarini kechirishni soʻrab, iltijolar qiladi. Kaʼbai muazzama atrofida tavof qilar ekan, shayton va nafsining hiylalaridan Parvardigoridan panoh soʻraydi. Kibrdan xalos boʻlib, barcha ijobiy fazilatlarga ega boʻladi. Bu bilan Alloh taoloning magʻfirati va rahmatiga sazovor boʻladi.
Haj ibodati musulmonlarning yillik umumiy yigʻilishidir. Ular yilida bir marta oʻzlariga hidoyat nuri taralgan markazda toʻplanib, koʻplab foydalarga ega boʻladilar. Haj ibodatida ulkan hikmatlar boʻlib, bu hikmatlarni barchasini insonning ojiz qalbi toʻla anglab olishi qiyin. Shundoq boʻlsa ham ulamolar ijtihod qilganlar.
Hajda islomiy birlik yorqin nomoyon boʻladi.
Haj chogʻi musulmonlarning his – tuygʻulari, ibodatlari hatto suratlari ham bir xil boʻladi. Bu yerda irqchilik, mahalliylik , tabaqachilik kabi salbiy xatolarga oʻrin qolmaydi. Hamma bir Allohga imon keltirib, bir Baytullohni tavof qiladi.
Tinchlik islomning shiori ekani hajda yana bir bor namoyon boʻladi. Hamma tinch, yurt tinch ibodat tinch, xalq tinch.
Haj ulkan katta bir anjuman boʻlib, har bir musulmon dunyoning turli burchaklardan kelgan din qarindoshlari bilan uchrashadi, turli masalalarni muhokama qiladi. islom va imon rishtalari mustahkamlanadi.
Alloh subhanahu va taoloning marhamatiga erishish uchun hamma narsadan, hatto dunyoviy kiyimlardan-da holi, boʻlib, yolgʻiz uning xizmatiga bel bogʻlash zarur. Boshqa dinlarda Allohning roziligini topish uchun tarkidunyolikka beriladi.
Islom dinida Haj tarkidunyochilik oʻrniga joriy qilingan.Alloh taolo oʻz uyini ulugʻlab, sharafladi va bandalari uchun unga erishishni oliy maqsad qilib qoʻydi. Ana oʻsha uyni ziyorat qilgan musilmon qalbi soflanib, yaxshilik qilishga intiladigan va yomonlikdan nafratlanadigan boʻlib qaytadi.
Hajda musilmon banda omonlik yurti boʻlmish Makkai mukarramaga safar qiladi. Makka – ulugʻ muqaddas shahar. Alloh taolo uning nomi bilan
Quroni Karimda qasam ichgan. Oʻzining uyi boʻlmish Kabani shu shaharda qaror topishini iroda qilgan.
Oxirgi zamon Paygʻambari Muhammad (as) ning ham shu shaharda dunyoga kelishlarini xohlagan. Oxirgi kitobi Quroni Karim oyatlarini tushirish ham shu shahardan boshlagan. Bu shaharni Alloh taolo Quroni karimda “Ummul Quro”- “Shaharlarning onasi” deb atagan. Har bir musilmon uchun aziz va mukarrama boʻlgan bu muqaddas shaharga safar qilish, har kuni nomozlarida necha bor yuzlarini toʻgʻirlayotgan qiblani tavof etish cheksiz baxtdir.
Haj ulugʻ ruhiy ozuqa beradigan ibodat boʻlib, unda musulmon bandaning vujudi Alloh taologa taqvo bilan, unga toat qilishga azm-u qaror bilan toʻladi. Bu safarda Allohga, uning rasuliga va mumin – musulmonlarga boʻlgan muhabbati ziyoda boʻladi. Dunyoning hamma taraflaridagi din qarndoshlarga nisbatan doʻstlik tuygʻulari uygʻonib mustahkamlanadi.[1]
Haj mashaqqatlarini engishni oʻrganadigan mashq maydoni hamdir. Vatandan ahli ayoldan uzoqda, rohat farogʻatda kun kechirib, turli qiyinchiliklarga oʻzini urgan odam, albatta boshqa har qanday mashaqqarlarni osonlik bilan yengishga malaka hosil qiladi.
Xulosamiz yakunida shuni aytishimiz mumkinki, Haj ham jismonan, ham moddiy va ruhan tayyor holda bajariladigan ulugʻ ibodatdir. Bu ibodatni ixlos bilan, har bir ruknini samimiy muhabbat bilan bajargan har bir moʼmin bandaga mukfoti faqatgina Jannat boʻlishi haqida hazrat Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mujda berganlar. Bunday tarzda bajarilgan haj ibodatidan keyin kishining axloqi yanada sayqallanib, avvalgi qilgan xatolaridan butkul uzoqlashib, Alloh taolo va jamiyat rozi boʻladigan amallarda qoim boʻladi. Bir soʻz bilan taʼrif beradigan boʻlsak, uning maʼnaviyat olami goʻzallashadi.
PATTAYEV MUHIBULLOH BITIRUVCHI KURS TALABASI
[1] Abdulaziz Mansur, Shovosil Ziyodov. “Haj, Umra va Masjidun-Nabaviy ziyorati uchun qoʻllanma”. –Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2019. –B. 25.





