“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida Toshkent islom instituti “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari doktori (PhD) Abduqodir Pardaev ishtirokida mazmunli ilmiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda bilim yurti maʼnaviy va maʼrifiy ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev, oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari N.Jalolov, ustozlar va talabalar faol ishtirok etishdi. Tadbirni bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) M. Erkayev ochib berib, bugungi globallashuv sharoitida diniy-ilmiy bilimlarning ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidladi.



Ilmiy suhbat davomida Abduqodir domla Pardaev aqida ilmining dolzarb masalalari, zamonaviy davrda uchrayotgan turli notoʻgʻri qarashlarga ilmiy asosda munosabat bildirish zarurati hamda tasavvuf ilmining inson tarbiyasidagi oʻrni haqida batafsil maʼruza qildi. Shuningdek, u diniy bilimlarni chuqur va tizimli oʻrganish, ularni amaliy hayotda toʻgʻri qoʻllash hamda yoshlar ongida sogʻlom eʼtiqodni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Ustozning hozirgi kundagi aqidaviy dolzarb mavzular va tasavvuf ilmlari yuzasidan ilmiy asoslangan, chuqur tahlillarga boy maʼruzalari talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ustoz oʻz nutqida ayniqsa aqida va tasavvuf ilmlarini toʻgʻri anglash yoshlarning maʼnaviy kamolotida muhim oʻrin tutishini alohida qayd etdi. Suhbat jarayonida talabalar faol ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil va asosli javoblar oldilar. Tadbir davomida ustoz hamda talabalar oʻrtasida jonli, mazmunli va samarali muloqot muhiti yuzaga keldi. Bunday ilmiy-maʼrifiy uchrashuvlar yoshlarning bilim darajasini oshirish, ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda maʼnaviy yetuk shaxs sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
Tadbir yakunida bilim yurti rahbariyati tomonidan mehmon – Abduqodir Pardaevga tashrif va mazmunli ilmiy-maʼrifiy suhbat uchun chuqur minnatdorlik bildirilib, unga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.




Shundan soʻng yigʻilganlar tomonidan yurtimizda tinchlik-osoyishtalikning bardavom boʻlishi, dinimiz ravnaqi, millatimiz farovonligi hamda yoshlarning ilm-maʼrifat yoʻlida yuksak marralarni egallashi tilab, duoi xayrlar qilindi. Tadbir samimiy va koʻtarinki ruhda yakunlandi.
Saidakramov Saidazimxon
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi




