Bilim yurtida oʻzbk tiliga davlat tili maqomi berilganiga 29 yil toʻlishi munosabati bilan ustoz va murabbiylar hamda talabalar ishtirokida “Tilga hurmat – elga hurmat” shiori ostida 20 okytabr kuni tadbir boʻlib oʻtdi. Unda ona tilining ahamiyati va uning inson hayotidagi oʻrni haqida suhbat oʻtkazildi.
Ona, dunyodagi eng buyuk va qadrli soʻz. Bu soʻzni oʻz tilida aytish insonga benihoya surur baxsh etadi. Bunday baxtni his etish hammaga ham nasib etmaydi. Tarixdan maʼlumki, har bir tuzum oʻzining toʻsiqlarini qoʻyib kelgan. Bu borada millatimiz ham koʻpdan-koʻp tazyiqlarga uchrab, oʻz his-tuygʻularini oʻzgalar tilida aytishga majbur boʻlganlari hech birimizga sir emas.
Xalqimizning uzoq yillar intiqib kutgan orzularidan biri 1989-yil, 21-oktyabrda ushaldi. Chunki shu kunda jonajon xalqimizning orzu-umidlari-yu, quvonch-shodliklarini, onajon degan ulugʻ soʻzni oʻz tilida emin-erkin aytishdek ulkan baxtga erishdi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, ham diniy, ham dunyoviy masalalarda oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi. Xalqimiz Alohning kalomi – Qurʼoni karim maʼnolarini oʻzbek tilida oʻqishdek, sharafli tolega musharraf boʻldilar. Elimizning bunday nufuzli choʻqqiga chiqishlari uchun mustabit tuzum gʻoyalariga qarshi kurashib, ne-ne buyuk ajdodlarimiz qatagʻonga uchrab, qurbon boʻldilar. Biz bugun oʻsha ulugʻ zotlarning muborak nomlarini aynan oʻzbek tilida faxr bilan madh etamiz. Tilimizning aynan bugungi kundagi ahamiyati haqida soʻz boshlasak, uning ijobiy taʼsirlarini sanab adogʻiga yetolmasligimiz aniq. Ajdodlarimiz qazib ketgan ilm chashmasidan, toʻyib-toʻyib ichib, tashna dilimizni qondirishimiz ham bunga yorqin dalil boʻla oladi. Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov til haqida bunday degan:
“Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin sheʼrga solarman.
Sen yoʻqolgan kuning shubhasiz,
Men ham toʻti boʻlib qolurman.”
Ha, har bir shaxsning aytar soʻzi va his tuygʻularini ifodalashga oʻz tili boʻlmogʻi zarur. Yoʻqsa, shoir aytganidek toʻtidan hech qanday farqi qolmaydi. Bizni oʻz soʻzimizni oʻz tilimizda aytishimizni taʼminlash yoʻlida qanchadan-qancha ajdodlar jon fido qilmadilar! Endi oʻsha ajdodlarimizga munosib avlod boʻlib, aziz onamiz boʻlmish, jonajon tilimizni koʻz qorachigʻizdek himoya qilish bizning sharafli vazimizdir.
Yangi nashr qilingan kitoblar taqdimoti mazkur vazifaning davomiy bosqichi boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Diyori bakr”, “Obid ketmon” va “Adibni xotirlab” kabi besh jilddan iborat kitoblar jamlanmasi, Qalandar Abdurahmonovning “Buyuklar kahkashonida” asari, Doktor Ayman Rushdiy Suvaydning “Qurʼon oʻganish qoidalari” va “Falsafa asoslari” kabi risolalar kitobxonlarga taqdim etildi.
Tadbir soʻngida ona tilimiz haqida va taqdimoti oʻtkazilgan kitoblar toʻgʻrisida savol-javoblar oʻtkazildi. Kitobxonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
A. Gʻaniyev “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus bilim yurti mudir oʻrinbosari






