Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan, azon va iqoma boʻyicha ijoza berish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan.


Ushbu anʼanani davom ettirish maqsadida “Qurʼon va tajvidni oʻrgatish” boʻlimida Toshkent islom instituti va “Koʻkaldosh” OʻMITM ustozlari hamda Toshkent islom instituti qoshidagi “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kurslari oʻqituvchilari uchun azon va iqoma boʻyicha darslar tashkil qilinib, Ustoz Shayx Ali Fayzulloh Maxdum boshchiligida Toshkent Islom institutida olib borildi. Ushbu darslarda Koʻkaldosh OʻMITM dan Sulaymonov Shamsiddin, Xoldorov Bekzod qori, Isakov Abdurazzoq, Abdusattoriy Abdulloh va Umarov Suxrob domlalar qatnashishdi.
Bugun, 22-aprel kuni Toshkent Islom institutida mazkur amaliy mashgʻulotlarning yakuniga bagʻishlangan “Najotga shoshilaylik” nomi ostida azon aytish boʻyicha ijoza berish tadbiri boʻlib oʻtdi.


Tadbirda Toshkent Islom instituti rektori Uygʻun domla Gʻofurov, “Koʻkaldosh” OʻMITM mudiri Maʼmurjon domla Erkayev, mazkur institut oʻqituvchisi Shayx Ibrohim Abdulkarim ishtirok etib, ijoza sohiblarini tabrikladilar.




Shuningdek, Ustoz Shayx Ali Fayzulloh Maxdum soʻzga chiqib, azon boʻyicha ijozaning ahamiyati va oʻziga xos jihatlari haqida maʼruza qildi.
Tadbir soʻngida saralangan talabgorlarga azon boʻyicha ijoza va esdalik sovgʻalar topshirildi.
KOʻKALDOSH OʻMITM MATBUOT XIZMATI






