Eri oldida eng chiroyli holatda koʻrinish:
Bu – erning ayoli ustidagi uchinchi haqqidir. Ayol kishining vazifasi – eri oldida oʻzini eng chiroyli holda koʻrsatishdir. U eriga eng goʻzal, eng pokiza holatda koʻrinmogʻi kerak. Eri unga qaraganida, koʻngli ochilsin, koʻzlari quvonsin; uni koʻrgach, mehri oshsin, qalbi unga bogʻlansin. Bu – solih (yaxshi) ayolning sifatlaridandir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlar:
“Dunyo – rohat-farogʻat manbaidir, undan eng yaxshisi – solih ayoldir: agar er unga biror buyruq bersa – itoat qiladi; unga qarasa – quvontiradi: eri yoʻqligida esa – oʻzini ham, mol-mulkini ham asraydi.[1]”
Hazrati Oisha roziyallohu anho oʻz koʻrinishi va ziynatiga juda katta eʼtibor berar edilar. U zot Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularni faqat quvontiradigan holatda koʻrishlariga nihoyatda harakat qilganlar. Quyidagi hadis bu holatga dalildir. Hazrati Oisha aytadilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurimga kirib keldilar, qoʻlimda katta kumush uzuklar (taqinchoqlar) bor edi. Shunda u zot soʻradilar: “Ey Oisha, bu nima?” Men dedim: “Ey Allohning Rasuli, siz uchun ziynatlanib taqqandim.” Rasululloh sollallohu alayhi va sallam soʻradilar: “Ularning zakotini beryapsanmi?” Men “Yoʻq dedim.” Shunda u zot aytdilar: Ular seni doʻzaxdan halok qilish uchun yetarlidir[2].
Hazrati Oisha roziyallohu anho ayollarni erlari uchun ziynatlanishga undar edilar. U kishi ayollarga nasihat qilib shunday deganlar: “Agar sening ering boʻlsa va koʻzlaringni sugʻurib olib, ulardan koʻra chiroyliroq narsani joyiga qoʻyishga qodir boʻlsang – buni qil!”[3]
Bir ayol Hazrati Oishadan soʻradi:
“Yuzimda bir nechta tuklar bor, ularni yulib tashlasam, erim uchun chiroyliroq koʻrinaman. Buni qilsam boʻladimi?” Hazrati Oisha roziyallohu anho shunday javob berdilar:
“Oʻzingdan ozorli narsani olib tashla va ering uchun ziyoratga borayotgandek chiroyli boʻl. Agar u seni biror ishga buyursa – itoat qil, agar u qasam ichib biror narsani soʻrasa – bajargin. Va u yoqtirmaydigan kishini uyingga kiritma[4].
Shuni taʼkidlash joizki, bu (yaʼni ayolning eriga ziynatlanishi) Hazrati Oishaning rivoyat qilgan quyidagi sahih hadisiga zid emas: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tatuirovka qiluvchi va tatuirovka qildiruvchini, soch qoʻyuvchi va soch qoʻydirguvchini, qosh yuluvchi va qosh yuldiruvchini man qildilar.”
Maʼlumki, “namisa” – bu yuzidagi tuklarni ildizidan yulib tashlovchi ayoldir. Bu ish odatda “munqosh” (tuk yuluvchi asbob) bilan qilinadi. Hazrati Oishaning soʻzlari esa bu kabi (man qilingan) amallarni emas, boshqa yoʻl bilan ziynatlanishni anglatadi.
Fiqh olimlari esa ayol kishining sochlarini silliqlashi (haf), lablarini qizartirishi (tahmir), bezaklar (naqsh) tushirishi va tirnoqlarini shakllashi (tatrif) – bularning barchasiga erining ruxsati bilan ruxsat berganlar, chunki bular ziynatlardan hisoblanadi. Hatto hanbaliy mazhabi ulamolari, agar bu (qosh yulish) fosiqa ayollarning alohida belgisi boʻlmasa va erining roziligi bilan qilinsa – qosh yulishga ham ruxsat berganlar.
Ular hadisdagi bu ishga nisbatan qilingan nahiy (man qilish)ni makruh (yaʼni yoqtirilmagan, lekin harom boʻlmagan amal) deb talqin qilganlar, bu haqda “Fath al-Boriy” kitobida bayon qilingan.
Imom Navaviy rahimahulloh aytganlar:
“Ayol kishining yuzida soqol, moʻylov yoki ‘unfaqa’ (yaʼni pastki lab ostida oʻsadigan tuk) oʻsib chiqsa – ularni olib tashlash (yoʻqotish) bu holatda harom emas, balki mustahab (yaʼni maqtovli, yaxshi) hisoblanadi[5].
Afsuski, koʻplab musulmon ayollar oʻz erlari uchun emas, boshqalar uchun ziynatlanadilar. Uylarida va erlari oldida ular oʻzlarini beparvo tutadilar, kiyimlarini almashtirib, ziynatga eʼtibor bermaydilar. Lekin uy tashqarisida esa eng chiroyli liboslarini kiyib, ziynatlanadilar. Holbuki, shariat va insoniy tabiʼat nuqtayi nazaridan, ulardan kutilgani buning aksidir.
Agar ayol eri yoʻqligida oʻz ziynatiga beparvo boʻlsa, eri safardan qaytishidan oldin darhol oʻzini ziynatlab, uni eng chiroyli holatda kutib olishi lozim. Sahih hadislardan birida, Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoy qiladilar:
“Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bir gʻazotda edik. Qaytib kelayotganimizda, Madinaga yaqinlashganimizda, men yurishda sustroq boʻlgan tuyamga minib oldinda ketayotgan edim. Orqamdan bir kishi yetib keldi va qoʻlidagi nayzacha bilan tuyamni yengilgina choʻqib yubordi. Shu bilan tuyam eng chiroyli tuyalardek tez va chiroyli yurib ketdi. Orqamga qarasam – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ekanlar. U zot soʻradilar: Uylanganmisan? Men dedim: “Ha Yo Rasululloh, yaqinda uylangan edim”.’
Soʻradilar: “Qiz (bokira)ga uylandingmi yoki ilgari turmush qurgan ayolgami?”
Men: “Ilgari turmush qurgan ayolga (beva).”, dedim
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Nega bokiraga uylanmading? U sen bilan oʻynardi, sen ham u bilan oʻynarding.”
Keyin, biz Madinaga yetib kelganimizda oʻz uylarimizga kirishni niyat qilib turgan edik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Shoshilmanglar, tun boʻyi (yaʼni kechasi) kiringlar, shunda taram-taram boʻlib ketgan sochlar taraladi va uzoq vaqt yoʻqlikda boʻlgan ayollar oʻzlarini ziynatlab olishadi”, deb aytdilar.
Davomi bor…
Mirzaev Kamoliddin.
Manba: Mahmud Tohmaz “Fiqhul hanafiy fiy savbihil jadid” kitobdan
[1] Ibn kasir
[2] Abu Dovud sunanda rivoyat qilgan
[3] Sayyidati Oisha kitobidan
[4] Tobariy rivoyat qigan shuningdek “Fathul Boriy” da ham kelgan.
[5] Fathul Boriy 10 juz 378 bet.






