Bugun, 22-yanvar sanasida “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida Namangan viloyatidan kelib tahsil olayotgan talabalar uchun manfaatli, mazmunli hamda talabalarning ilmiy hayotida ijobiy iz qoldiradigan uchrashuv tashkil etildi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakilligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur tadbir “Masofalarni yaqin qiluvchi muloqot” shiori ostida boʻlib oʻtdi.



Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati bosh imom-xatibining oʻrinbosari Akmalxon domla Ahmedov madrasada taʼlim olayotgan 12 nafar namanganlik talaba bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — ilm yoʻlida izlanib kelayotgan talabalarning koʻngliga yoʻl topish, ular uchun yaratilgan taʼlim sharoitlari bilan yaqinidan tanishish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy hamda ilmiy muammolariga yechim izlash, shuningdek, talabalarni viloyatdagi diniy-maʼrifiy jarayonlarga faol jalb etishdan iborat boʻldi.


Suhbat davomida Akmalxon domla talabalar bilan nafaqat ilmiy, balki hayotiy tajribalari bilan ham oʻrtoqlashdi. Ayniqsa, ilm olishda niyatni toʻgʻri qilish, talabaning islomiy odob-axloq bilan ziynatlanishi, shuningdek, taʼlim berayotgan va tarbiya berib kelayotgan ustozlarga hurmat masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvning eng quvonchli qismi talabalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash jarayoni boʻldi. Kelajakda viloyat masjidlarida xizmat qiladigan ushbu yetuk kadrlar uchun munosib sharoitlar yaratish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida12 nafar talabaga esdalik sovgʻalari topshirildi.


Bunday uchrashuvlar ilm yoʻlidagi yoshlar uchun nafaqat moddiy madad, balki Vatan ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga chorlovchi ulkan motivatsiya boʻlib xizmat qiladi.
Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






