Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
13-hadis
Nuriddin amaki juda halim va ogʻir-bosiq kishi edi. Birovlarni ishiga aralashmasligi va keraksiz oʻrinlarda gapirmaganligi bois baʼzi hamqishloqlari uni gapga noʻnoq va aqlsiz kishi deb oʻylashar edi. Mana shunday oʻylaydigan “aqlli” kishilardan biri Nuriddin amakining eshagini oʻgʻirlab ketdi. Nuriddin amaki esa boshqa eshak sotib olish uchun bozorga bordi. Bozor aylanib yurish asnosida sotilayotgan eshaklar orasida oʻzining eshagini koʻrib qoldi. Shunda darhol: “Mana bu mening eshagim, oʻtgan hafta uni uyimdan oʻgʻirlab ketishgan edi!”- deya hayqirdi. Sotayotgan oʻgʻri ham yuzsizlarcha: “Adashayabsan, men uni kichkina xoʻtiklik vaqtida sotib olib oʻstirganman”-dedi. Shu paytda Nuriddin amakining miyasiga yorqin bir fikr keldi. U qoʻllari bilan eshakning koʻzlarini yopdida oʻgʻridan soʻradi: “Agar eshak seniki boʻlsa, aytchi, uni qaysi koʻzi koʻrmaydi?” Kutilmagan savoldan dovdirab qolgan oʻgʻri: “Oʻng koʻzi”- deb javob berdi. Eshakning oʻng koʻzidan qoʻlini olar ekan Nuriddin amaki: “Mana koʻrib turganingdek oʻng koʻzi sogʻlom!”- dedi. Oʻgʻri darhol oʻzini qoʻlga oldi-da: “Yoʻq, men adashib ketdim. Uni chap koʻzi koʻrmaydi”- dedi. “Sen yana adashding”,- dedi Nuriddin amaki va eshakning chap koʻzini ochdi. Atrofda yigʻilgan insonlar eshakning ikki koʻzi ham sogʻlom ekaniga guvoh boʻlishgach oʻgʻrini tutib olishdi va mahkamaga olib ketishdi. Nuriddin amaki esa eshagiga minib qishlogʻiga qaytdi. Shu oʻrinda hamma uning naqadar aqlli inson ekinligini bilib oldi. Darvoqe, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam oʻgʻrilar haqida quyidagi hadisni aytganlar:
“لعن الله السارق”
“Oʻgʻriga Alloh taoloning lanati boʻlsin!”.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi





