Burhoniddin Margʻinoniy XII asrning buyuk fiqx olimi sifatida ahli sunna val jamoa yoʻnalishida hanafiy mazhabining yirik vakili hisoblanadi. U yozgan asarlarning barchasi, ayniqsa “al-Hidoya” muallifning oʻziga xos ilmiy uslubidan dalolat beradi. Turk ensiklopedist olimi Shamsiddin Somiyning mashhur asari “Qomusul-aʼlom”da taʼkidlanishicha, u zot 60000 dan 80000 gacha huquqiy muammolarni hal qilib bergan ekan.
Burhoniddin Margʻinoniy ushbu mazhabning keng doirasida son–sanoqsiz huquqiy masalalarni hal qilish yoʻllarini topishga muvaffaq boʻldi. U toʻgʻridan-toʻgʻri mustaqil suratda ijtihod qilish vakolatiga ega boʻlmasa ham, oʻz ilmiy huquqiy asarlarini ajratishga qiyosdan (qiyosi jaliydan), ayniqsa, qiyosning ikkinchi turi boʻlmish – “qiyos hafiy” yoki “istehson” dan keng koʻlamda foydalandi. Chunki, Abu Hanifa roziyallohu anhuning oʻzi ham eng muhim boʻlgan yuzlab huquqiy muammolarni ushbu qoida asosida yechib berganlar.
Muallif “Hidoya” kitobini yozishda oʻziga xos uslub yaratdi. Uning har bir iborasi nihoyatda qisqa va muxtasar, fiqhiy hukmlarni ifodalovchi jumlalarning har biri bir umumiy qoida shaklida beriladi. Uning iboralari moʻjaz, yaʼni qisqa va sermazmun, soʻzlari tarkibi puxta, nuqsonsiz boʻlib, sunniylikdan uzoq. U koʻp zarurat sezmasa, sinonim soʻzlaridan foydalanmaydi. Xashf va zavoidni (kerak boʻlmagan ortiqcha soʻzlarni) ishlatmaydi. Uning yozish uslubi “sahli mutanim” (oson, sodda).
Olim “Hidoya”ni yozishda oʻziga xos boʻlgan qisqa soʻzlar, atamalar va ihcham iboralari ishlatadi. Ushbu iboralar “Hidoya” ustidan yozgan koʻp sharhlar va hoshiyalarda mualliflari tomonidan belgilab berilgan. Mazkur manbalarga asoslanib, Xoji Halifa (Kotib Chalabiy), Shayx Abdulxaq Dehlaviy va Abdulhay Laknaviy oʻz asarlarida ularni izohlab yozganlar.
Imom Burhoniddin Margʻinoniy “Hidoya” asarining muqaddimasida uslublarini va tayanch manbalarini ochiq-oydin zikr qilmagan. “Hidoya” asarining matni “Bidoyatul mubtadiy”ni imom Kuduriyning “Muxtasarul Quduriy” va Imom Muhammad ibn Hasanning “Al-Jomeʼ as-sagʻir” asarlari asosida yozgan boʻlsa-da, “Hidoya” asarida koʻplab manbalardan, xususan, koʻplab oʻrinlarda Imom Muhammadning “al-Asl” kitobidan unumli foydalangan. Shuningdek, hanafiy mazhabi imomlarining qavllariga dalil sifatida keltirilgan manbalarni ham ochiq-oydin aytib oʻtmagan. Imom Molik, Imom Shofeʼiy kabi imomlarning qavllarini ham qaysi manbadan olganini muallifning oʻzi zikr qilmagan. “Hidoya” asariga sharh yozgan va oʻqib oʻrgangan olimlar imom Margʻinoniy yuzdan ortiq oʻziga xos odat va istilohlarni qoʻllaganini aytishgan. “Hidoya” asarida qoʻllanilgan odat va istilohlarning koʻpini imom Itqoniy “Gʻoyatul bayon”[1] nomli mazkur asarga yozgan sharhida keltirib oʻtgan. Imom Itqoniy mazkur sharhni yigirma yetti mobaynida yozib tugatgan.
Muallifning tuzish uslubi, u ishlatgan oʻziga xos iboralar va atamalarni yaxshi bilib olish, “Hidoya”ni oʻqib, undan foydalanishga katta yordam berdi.
Ulardan baʼzilarini keltirib oʻtamiz:
1. Imom Burhoniddin Margʻinoniy qay bir masalani – قال “aytdi” kalimasi bilan boshlasa, bu masala “Muxtasarul Quduriy” yoki “Al-Jomeʼ as-sagʻir” asarida kelgan masala boʻladi.
2. Imom Margʻinoniy “Muxtasarul Quduriy” asarida kelgan masalalarni birinchi zikr qiladi va boblarning oxirida “Al-Jomeʼ as-sagʻir” masalalarini zikr qiladi. Agar mazkur ikki asarda kelgan rivoyatlar oʻrtasida xilof boʻlsa, “Al-Jomeʼ as-sagʻir”ni ochiqcha zikr qiladi.
3. Agar imom Margʻinoniy:
الحَدِيثُ مَحْمُولٌ عَلَى الْمَعْنَى الْفُلَانِي.
Yaʼni “ushbu hadis falon maʼnoga yoʻyilgan” desa, bundan hadis imomlarining hadisni mana shu maʼnoga yoʻyganliklarini iroda kiladi. Agar «نحمله» desa, bundan yuqoridagi hadisni hadis imomlari emas, balki oʻzi mana shu maʼnoga yoʻyganini iroda qilgan boʻladi.
4. Imom Margʻinoniy fiqhiy masalalarga yuqorida dalil qilib keltirgan oyatlarni “ما تلونا” (tilovat qilgan oyatimiz), hadislarga “ما روينا” (zikr qilgan hadisimiz), aqliy dalillarga “ما ذكرنا” (zikr kilgan aqliy dalilimiz) va “ما بينا” (bayon qilgan aqliy dalilimiz) iboralarini ishlatgan. Baʼzi oʻrinlarda “لما بينا” istilohi bilan Qurʼon, sunnat va akliy dalilga ishora qiladi, “لما ذكرنا” istilohi
bilan umumiy narsaga ishora qilgan. Sahobalarning soʻziga nisbatan “الأثر” istiloxini qoʻllagan. Gohida hadis bilan sahobalarning soʻzini ajratmasdan, ikkisiga ham “الأثر” soʻzini qoʻllagan.
5. «المشايخ» istilohini Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhni uchratmagan hanafiy mazhabi ulamolariga nisbatan ishlatgan.
6. Imom Margʻinoniy baʼzida biror sharʼiy hukmni “بانه سنة” “sunnat deb vasflaydi. Voqelikda u vojib yoki farz boʻladi. Shorixlar imom Margʻinoniy nima uchun ushbu vojib yoki farz hukmni “sunnat” deb nomlaganining sababini kuyidagicha bayon kiladilar:
“Chunki mazkur hukm sunnat bilan sobit boʻlgan”. Maʼlumki, koʻpgina vojib va farz xukmlar sunnat bilan sobit boʻlgan.
7. Imom Margʻinoniy baʼzan arab tilida shart maʼnosida ishlatiladigan «أما» kalimasining javobi tushunarli boʻlgani uchun zikr qilmaydi. Soaid Bektoshning zikr qilishicha esa, “Hidoya” asari ning qoʻlyozma nusxalari bir-biridan farq qiladi, yaʼni baʼzilarida javobi zikr kilinsa, ayrimlarida zikr kilinmagan.
8. Imom Margʻinoniy biror fiqhiy masalaga oʻxshash masalani keltirsa, soʻng mana shu oʻxshash masalaga arab tilida uzoqqa nisbatan ishlatiladigan “تلك” koʻrsatkich olmoshini koʻllasa, birinchi masalaga yaqinga nisbatan ishlatiladigan «هذه» koʻrsatkich olmoshini qoʻllagan.
9. Imom Margʻinoniy bir masala haqida soʻzlaganda “عن فلان” desa, mazkur masala falon olimdan bir rivoyatda kelgan, degan maʼno iroda kilingan. Agar “عند فلان” desa, bundan mazkur masala falon imomning asosiy mazhabi, degan maʼno iroda qilingan boʻladi.
10. Imom Margʻinoniy oʻzining soʻzini zikr qilmoqchi boʻlsa, manmanlikdan saqlanish uchun “قال عبد الضعيف عفي عنه” (zaif banda aytadi) jumlasini ishlatgan. “Hidoya” asarining baʼzi nusxalarida kelgan «قال رحمه الله»، «قال رضي الله عنه»، «قال شيخ الإسلام» istilohlarini imom Margʻinoniyga nisbatan baʼzi shogirdlari qoʻllagan yoki baʼzi nusxa koʻchiruvchilar ishlatgan.
11. Imom Margʻinoniy koʻpincha taqdiriy savolga javob beradi. Oʻsha savolni ochiqch a zikr qilmaydi. Faqatgina sanoqli maʼlum bir oʻrinlardagina savolni ochiqcha keltiradi.
12. Imom Margʻinoniy kitob nomi zikr qilinmagan oʻrinda «الأصل» lafzini zikr kilganda undan Imom Muhammad rohmatullohi alayhning «Al-Mabsut» kitobini iroda etgan.
13. Imom Margʻinoniy “الكتاب” lafzini zikr qilsa, koʻpincha undan “Muxtasarul Quduriy” asarini iroda qilgan boʻladi. Gohida undan imom Saraxsiyning “Al-Mabsut” yoki Imom Muhammadning «Al-Jomeʼ as-sagʻir» asarlarini iroda qiladi. Ibn Humom rahimaxulloxning zikr qilishicha, baʼzan undan “Bidoyatul mubtadiy” asari ham iroda qilingan.
14. Imom Margʻinoniy “المختصر” lafzini zikr qilsa, undan “Muxtasarul Quduriy” asarini iroda qiladi.
15. Imom Margʻinoniy biror qavl yoki masaladan keyin “روايةً” lafzini nasb harakatida kilsa, “bundan oldin zikr kilingan masala hanafiy mazhabida bir rivoyat hisoblanadi”, degan maʼnoni iroda kilgan boʻladi. Agar “روايةً واحدةً” desa, “bu masalada xanafiy mazhabida rivoyatlar ixtilofi yoʻq”, degan maʼnoni iroda qilgan boʻladi.
16. Imom Margʻinoniy feʼl borasida “المحكي” lafzini ishlatadi, «المروي» lafzini qavl borasida ishlatgan.
17. Imom Margʻinoniy “ذكر محمد” jumlasidan bu masala Imom Muhammadning mazhabi degan maʼnoni iroda qilmaydi. Qachonki «قال محمد» desa, mana shu masala Imom Muhammadning mazhabi, degan maʼnoni iroda qiladi.
18. Imom Margʻinoniy koʻpincha “Hidoya” asarida xanafiy mazxabidagi oʻzining nazdida eng kuchli boʻlgan qavlni zikr kiladi, keyin boshqa qavllarni zikr qiladi. Lekin doim kuchli qavlning dalilini oxirida zikr kiladi.
19. Imom Margʻinoniy “Hidoya” asarida 640 oʻrinda Imom Shofeʼiyning xilofini va 103 oʻrinda Imom Molikning xilofini zikr kilgan. Shu bilan birga, “Hidoya” asarining avvalgi qismida mazkur imomning xilofi oxirgi qismidagidan koʻra koʻprok uchraydi.
20. Imom Margʻinoniy “Hidoya” asarida Imom Shofeʼiy va Imom Molikning xiloflarini zikr qilishdan maqsadi qiyosiy fiqhni bayon kilish boʻlgan.
21. Imom Margʻinoniy “Hidoya” asarida ikki oʻrinda imom Abu Layloning (vaf. 157/774-y.) va imom Avzoiyning (vaf. 157/774-y.) hamda bitta oʻrinda imom Ibn Shubrumaning (vaf. 144/761-y.), Imom Molikning shogirdi imom Sharik ibn Abdulloh Naxaiy Kufiyning (vaf. 177/793-y.), imom Abu Isma Isom ibn Yusuf Balxiyning (vaf.215/830-y.), Imom Muhammadning shogirdi imom Iyso ibn Abbonning (vaf. 221/836-y.) va Imom Muhammad ibn Muqotil Roziyning (vaf. 248/862-y.) xiloflarini zikr qilgan. Shuningdek, ikki oʻrinda imom Abu Mansur Moturidiyning (vaf. 333/945-y.) xilofini, yigirmaga yakin oʻrinda imom Karxiyning (vaf. 340/951-y.) xilofini va bir oʻrinda imom Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kumoriy Buxoriyning (vaf. 381/991-y.) xilofini zikr kilgan. Besh oʻrinda imom Xassofning (vaf. 261/875-y.) va olti oʻrinda imom Abu Lays Samarqandiyning (vaf. 370/981-y.) ixtiyor kilgan qavllarini zikr qilgan.
22. Imom Margʻinoniy biror masalaning hukmi orasida nass yoki Abu Hanifa va shogirdlaridan rivoyat topmasa, keyingi davr Xanafiy mazhabi ulamolarining raʼylarini zikr qiladi. Lekin ularning ismlarini ochiq zikr qilmasdan, قيل كذا va shunga oʻxshash iboralar bilan keltiradi.
23. Imom Margʻinoniy “Hidoya” asarida kam oʻrinlarda forscha ibora bilan masalani bayon qilgan. Fors tili oʻsha darvda Movarounnaxr oʻlkasida ilmiy tillardan biri boʻlganiga dalolat qiladi. Xususan, taloq, ayman (qasam) va vakolat kitoblarida bu narsani koʻrish mumkin.
24. Imom Margʻinoniy ikki fiqhiy masalani zikr qilganida, agar ikki mazhab imomlari oʻrtasida xilof boʻlsa, ularning oʻrtasidagi farqni bayon qilishni iroda qilganida birinchi masalani “الفصل الاول”, ikkinchi masalani «الفصل الثاني» deb nomlaydi.
25. Imom Margʻinoniy koʻpgina fiqhiy masalalarda ikki qavl yoki ikki rivoyatni zikr qilib, ularning birini ikkinchisidan tarjih qilmaydi. Goʻyoki “Hidoya” asarini oʻqiyotgan shaxsga: “Sen bu borada kengchilikdasan”, demoqchi boʻlgandek.
26. Imom Margʻinoniy baʼzi oʻrinlarda tarjix qoidalarini ham zikr qilib oʻtgan.
Masalan, انّ الترجيح بقوة الدليل لا بكثرة الأدلة (Dalillarning birini ikkinchisidan ustun quyish dalilning quvvatli ekanligi bilan boʻladi, dalillarning koʻpligi bilan emas)
الترجيح لا يقع بكثرة العلل بل بقوة فيها (Dalillarning birini ikkinchisidan ustun qoʻyish illatning koʻpligi bilan boʻlmaydi, balki illatdagi kuvvat bilan boʻladi).[2]
“Hidoya” kitobining yana bir xususiyati shundan iboratki, unda “Ilmul-xilof” orqali belgilab berilgan qoidalar keng koʻlamda nazarda tutiladi. Chunki Burhoniddin al-Margʻinoniy ushbu fan sohasida ham katta olim va mutaxassis xisoblangan.
“Ilmul-Xilof” faniga birinchi boʻlib asos solgan alloma Ubaydulloh ad-Dabusiy edi. Burhoniddin al-Margʻinoniy “Hidoya”da huquqiy muammolarni echish jarayonida faqat 4 ta asosiy mazhablar (Hanafiy, Molikiy, Shofeʼiy, Hanbaliy) gagina emas, balki Zohiriy va Avzoiy mazhablarga doir fikr-mulohazalarni ham oʻrni kelganda tekshirib oʻtadi va har biri haqida oʻz nuqtai nazarni bildiradi. Ushbu nuqtai nazarda “Hidoya” “Ilmul Xilof” ni keng koʻlamda oʻrganish uchun ham muhim va eʼtiborli manba hisoblanadi. Ayni chogʻda uni oxirgi davrda yangi bir fan sifatida yuzaga kelgan “qiyosiy huquq” ning oʻziga xos bir shakli deb qarash mumkin.
Margʻinoniy fiqhiy nuqtai nazarda, huquqiy masalalarni izohlash jarayonida, ularning mashruʼ (ravo, qonuniy) yoki nomashruʼ (noravo, gʻayri qonuniy) ekanligini naqliy dalillardan keyin, aqliy dalillar bilan yoritib oʻtadi. Ushbu nuqtai nazarda “Hidoya” ni islom huquqi falsafasi va keyingi davrlarda keng rivojlangan “huquq falsafasi” fanining manbalaridan biri deb qabul qilsak, toʻgʻri xulosa chiqargan boʻlamiz.
Shunday qilib, Burhoniddin al-Margʻinoniy yozgan toʻrt jildlik “Al-Hidoya” kitobi Hanafiy mazhabi boʻyicha bir muhim va mukammal huquqiy kodeks sifatida 55dan ortiq kitob, yuzlab bobu fasldan tarkib topgan boʻlib, merosi huquqidan tashqari, islom huquqini barcha sohalarni qamrab oladi.
Burhoniddin al-Margʻinoniy meros huquqini oʻz kitobiga kiritmaganing sababi shundaki, Imom Aʼzam Abu Hanifa meros muammolarini bir alohida fan sifatida fiqhiy boblardan ajratib, uni “Al- Faroiz” deb atagan.
“Hidoya”ning birinchi jildi tahorat va amaliy ibodatlar ( namoz, roʻza, zakot, haj)ga, ikkinchi jildi oila huquqi, qul saqlash muammolari, hudud jazolari (Alloh tomonidan berilgan jazolar), xalqaro huquq meʼyorlari, shirkatchilik, islom huquqiga xos boʻlgan vaqf huquqi kabi masalalarga, uchinchi jildi muomalot turlari (fuqarolik huquqi) sud, sud jarayoni, toʻrtinchi jildi esa, ekinchilik va er muammolari, jinoyat turlari, guvohlik va boshqa koʻplab mavzularga bagʻishlangan.
“Hidoya” asarining oʻziga xos xususiyatlaridan biri, matn va sharhni birlashtirishi, yaʼni muallif matn bilan uning sharhini uygʻunlashtirib yozgan, bu esa oʻquvchiga masalalarni turli manbalarga murojaat qilmasdan oson tushunish imkonini beradi.
Bundan tashqari, bu asarda fiqhiy ixtiloflarni bayon etishda ham oʻzgacha uslubni qoʻllagan. Muallif mazhab ichidagi hamda boshqa mazhablar bilan boʻlgan ixtiloflarni keltirishga alohida eʼtibor bergan. Bu esa uning keng ilmiy salohiyatidan dalolat beradi.
Imom Margʻinoniy mazhab dalillarini aniq keltirib, faqatgina fiqhiy hukmni bayon qilish bilan cheklanmagan, balki uning dalillarini ham keltirib, ularni tahlil va taqqos qilish orqali mustahkam ilmiy asos yaratgan.
Yana bir oʻziga xos uslubi, bu kitobning ifodada soddaligi va ilmda chuqurligidir. Margʻinoniy murakkab boʻlmagan, lekin ilmiy jihatdan mustahkam va ravon fiqhiy tildan foydalangan. Shuning uchun “Hidoya” anʼanaviy fiqh maktablarida asosiy oʻquv manba boʻlib qolgan.
Burhoniddin Margʻinoniyning bayon uslublaridagi mazkur oʻziga xosliklar asarning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarini toʻlaqonli ochib berishga xizmat qiladi.
Xulosa sifatida, Imom Margʻinoniy shaxsiyati va uning “Hidoya” asari hanafiy fiqhining eng muhim tayanchlaridan biri boʻlib, mazkur mazhab rivojining puxta uslubiy va ilmiy bosqichga yetib kelganini ifodalaydi.
[1] Qivamuddin Al-Itqoniy al-Farobiy al-Hanafiy Gʻoyatul bayan nadirotuz zaman fi axiril avan- Quvayt: Darus ziyo, 2023.
[2] Abiyev H., Primov S., Xalilov Sh.Hidoya sharhi kitobi. –Toshkent: Hilol nashr nashriyoti, 2023.– B.126.
Toshkent Islom instituti talabasi Ikromov Sherislom






