Bugun, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi mutaxassisi Farruh Elmirzayev ishtirokida “Ekstremistlar nishonidagi yoshlar va ayollar: ijtimoiy tarmoqlardagi xatarlar” mavzusida huquqiy-maʼrifiy davra suhbati tashkil etildi.


Tadbirda bilim yurti rahbariyati, xususan, bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) M. Erkayev, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev, shuningdek, ustozlar, xodimlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Davra suhbatini maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev
kirish soʻzi bilan ochib, tadbir ishtirokchilariga mutaxassis F. Elmirzayevni tanishtirib, ushbu muloqotning ahamiyati va maqsadlari haqida maʼlumot berdi.
Suhbat davomida yoshlar ongida yot va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyatga tahdidi, ijtimoiy barqarorlik va totuvlikni saqlashdagi har bir fuqaroning masʼuliyati borasida atroflicha fikr yuritildi.



Davra suhbatida soʻzga chiqqan Farruh Elmirzayev oʻz maʼruzasida, ayniqsa, soʻnggi yillarda yoshlar va ayollar ijtimoiy tarmoqlarda turli ekstremistik guruhlarning asosiy nishoniga aylanganini alohida taʼkidladi. U oʻz chiqishida:
“Bugungi kunda diniy niqob ostida faoliyat yuritayotgan turli yot gʻoyalar, radikal guruhlar yoshlar ongini zaharlash, ularni jamiyatdan begonalashtirishga urinmoqda. Ayniqsa, ayollar va yoshlar internet tarmogʻidagi notoʻgʻri targʻibotlarga koʻproq duch kelmoqda. Bunday tahdid va xatarlarga qarshi eng kuchli qurol – bu bilim, huquqiy madaniyat va mustahkam dunyoqarashdir”,
— deya urgʻu berdi.
Shuningdek, mutaxassis tomonidan yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, taʼlim-tarbiya tizimidagi islohotlar, diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Talabalarga sogʻlom dunyoqarash, Vatanga sadoqat, tinchliksevarlik va qonunlarga hurmat ruhida yashashning muhimligi yana bir bor eslatildi.
Tadbir jarayonida talabalar bilan savol-javob oʻtkazildi. Unda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassisga murojaat qilishdi va har bir savolga asosli, aniq javoblar berildi. Savol-javoblar ochiq va samimiy ruhda boʻlib oʻtdi, bu esa talabalar faol ishtirokini taʼminladi hamda ularning ijtimoiy-huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida bilim yurti mudiri M. Erkayev soʻzga chiqib, bu kabi mavzular talaba-yoshlarimiz uchun dolzarb va nihoyatda zarur ekanini alohida taʼkidladi. U bunday uchrashuvlar yoshlarni yot gʻoyalardan asrash, ularni Vatanga sadoqat va huquqiy ong asosida tarbiyalashda muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularni ijtimoiy xavfli illatlardan ogoh etish, mamlakatda olib borilayotgan tinchlikparvar siyosat mohiyatini chuqur anglashlariga koʻmaklashishdan iborat boʻldi.
Shuningdek, bunday uchrashuv va muloqotlar yoshlarning Vatanga sadoqat, tinchlik va barqarorlikka boʻlgan eʼtiqodini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






