Alloh taolo muqaddas islom dinini barcha dinlarning xotimasi, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomni eng oxirgi paygʻambar qilib yubordi. Islom dini qiyomatgacha insoniyatni haq yoʻlga boshlovchi din boʻlib davom etadi.
Insoniyat uchun eng mukammal va ularning saodati uchun eng goʻzal koʻrsatmalarni oʻzida mujassam qilgan bu ilohiy yoʻl har bir ahkomida odamlar uchun eng foydali yoʻllarni koʻrsatgani shubhasizdir. Bu moʼtabar dinning vakillari boʻlmish moʼmin- musulmonlarga xitob qilib shunday marhamat qiladi:
وَكَذلِكَ جَعَلْناكُمْ أُمَّةً وَسَطاً لِتَكُونُوا شُهَداءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيداً
“Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh boʻlishingiz va Paygʻambar sizlarning ustingizdan guvoh boʻlishi uchun oʻrta millat qildik”.
Oʻrta millat – moʼtadil millat, adolatli millat hamda ezgu ishlarga qodir boʻlgan millat tushuniladi. Shuningdek, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom ham “Har bir ishning oʻrtasi yaxshi” deya bejiz aytmaganlar. Chunki, biz musulmon ummatlari dunyo xalqlari orasida eng yaxshi va eng adolatli millat ekanligimizni doimo yodda tutishimiz darkor.
Tinchlik va ezgulik insoniyat hayoti uchun eng muhim omillardan ekanini hisobga olsak, muqaddas Islom dinimizda albatta bu borada juda muhim koʻrsatmalar bor. Biz buni dinimizning “Islom” deb nomlanishidan ham bilib olishimiz mumkin . Chunki “Islom” – “salomat qilish”, “tinch-totuv boʻlish va tinch qilish” degan maʼnolarni anglatadi. Islom dini – insoniyat uchun tinchlik va farovonlik manbai boʻlib, bu din Allohning adolati va rahm-shafqatiga asoslanadi. Har bir musulmonning asosiy vazifasi oʻz hayoti davomida tinchlik va ezgulikni yoyish, boshqalarga oʻrnak boʻlishdir.
Shuningdek, Alloh taolo Baqara surasida shunday deya marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ
“Ey, iymon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring. Va shaytonni izidan ergashmang”. Bu oyati karimadagi “Islomga toʻligʻicha kiring” iborasini baʼzi ulamolarimiz “tinchlik va salomatlik yoʻliga toʻliq kiring” deb tafsir qilishgan.
Bugungi globallashuv davrida jumladan islomofobiya koʻrinishlari musulmon jamiyatlarining tafakkur tarziga, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatiga taʼsir koʻrsatayotganiga hammamiz guvohmiz. Shu sababli muhtaram prezidentimizning tashabbuslari oʻlaroq, joriy yilning 15-16- oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etishdi.
Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqalarida qonli toʻqnashuvlar, mafkuraviy kurashlar, gʻoyaviy qarama-qarshiliklar, turli yoʻnalish va oqimlar oʻrtasida oʻzaro nizo va ziddiyatlar tobora avj olib borayotgan bugungi murakkab zamonda muqaddas islom dinining tinchlikparvarlik va insoniylik mohiyatini keng targʻib etish jahonda tinchlik va osoyishtalik, hamjihatlik, totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, jamiyatda turli buzgʻunchi gʻoyalar tarqalishining oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Bu borada paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning bir soʻzlarini keltirib oʻtamiz:
» مثل المؤمنين في توادهم وتراحمهم وتعاطفهم كمثل الجسد، إذا اشتكى منه عضو تداعى له سائر الجسد بالسهر والحمى».
Yaʼni: “Moʼminlar oʻzaro mehr-muhabbat va bir birlariga mehribonliklarida huddi bir jasadga oʻxshaydilar. Undan biror aʼzo ogʻrib qolsa boshqa aʼzolar bedorlik va isitma bilan unga hamdard boʻlishadi”.
Jamiyatdagi oʻzaro tinchlik va hurmat nafaqat musulmonlar orasida, balki oʻsha jamiyatda yashovchi boshqa din vakillarini ham oʻz ichiga oladi.
Islom taʼlimoti vujudga kelgan ilk davrdan bugungi kunga qadar insoniyatning madaniy va maʼnaviy kamolotida beqiyos oʻringa ega boʻlib kelmoqda. Islom dinining maʼrifiy roli kelgusida ham umumbashariy taraqqiyot va farovonlik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi
Xulosa qilib aytganda, Islom dini tinchlik va ezgulik tamoyillariga asoslangan. Islom nafaqat musulmonlar oʻrtasida, balki butun insoniyat uchun tinchlik va ezgulikni targʻib qiladi. Musulmonlar hayotlarida ushbu tamoyillarni hayotga tatbiq etish orqali haqiqiy Islomni namoyon qilishlari lozim. Bu esa jamiyatda totuvlik, adolat va doʻstlik muhitini yaratishga yordam beradi.
Niyozaliyev Asadulloh, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






