Bugun 14-iyun kuni Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtiga Makka shahridagi Masjidul Harom imomi, Ummul Quro jomeasining “Usulul fiqh” ustozi Shayx Hasan ibn Abdulhamid Buxoriy tashrif buyurdi. Unga Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidi noibi imomi Hasanxon Abdulmajid hamrohlik qildi. Mehmonlarni Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov kutib oldi.


Tashrif madrasa tarixi bilan tanishish boshlandi. Bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov madrasa tarixi haqida: bino boʻlishidan boshlab hozirgi kungacha boʻlgan tarixiy bosqichlari haqida batafsil bayon qilib, hozirda bu yerda talabalar taʼlim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida tashrif buyurgan mehmonga soʻzlab berdi.



Oʻz navbatida Shayx Hasan ibn Abdulhamid Buxoriy bilim yurti ustozlari va talabalar bilan muloqot qildi. Muloqot soʻnggida Shayx Hasan ibn Abdulhamid Buxoriy yurtimiz tinchligi, dinimiz, millatimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qilib oʻtgan barcha vatandoshlarimiz hamda hozirgi kunda ushbu yoʻlda say-harakat qilayotgan Yurtboshimiz, u kishi bilan yelkama-yelka xizmat qilayotgan barcha masʼullar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati va boshqa mutasaddilar hamda bilim yurti ustozlari va talabalari haqqilariga duo qildi.



Soʻng Abdulhakim qori Matqulov Shayx Hasan ibn Abdulhamid Buxoriy bilan tor doirada suhbatni davom ettirdi. Bu yerda muloqot sermazmun boʻldi, tashrif buyurgan mehmon tomonidan madrasadagi diniy taʼlim tartibi va bu yerda toʻrt yil davomida oʻqitiladigan fanlar, bu borada qanday istiqbolli rejalar borligi haqida berilgan savollariga Abdulhakim qori Matqulov batafsil javob berdi. Tashrif soʻngida Abdulhakim qori Matqulov bilim yurti tomonidan tashrif buyurgan mehmon uchun tayyorlangan sovgʻalarni topshirdi va uning haqqiga duoyi-xayr qildi.


Koʻkaldosh OʻMIBYu Matbuot xizmati






