Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
2-hadis
Qadim zamonlarda bir mamlakatda juda ham daxshatli jazo turi bor edi. Aybdor deb topilgan insonni och holatdagi sherning oldiga tashlashardi. Yigʻilgan olomon esa bu daxshatli tomoshani kuzatib turar edi. Kunlarning birida xojasidan qochgan bir qul aybdor deb topildi. Shu bois qulni baland devorlar bilan oʻralgan maxsus tomoshagohning oʻrtasiga tashlab qoʻyishdi. Soʻng oʻsha maydonga toʻqqiz kun davomida hech narsa yemagan juda och sherni ham qoʻyib yuborishdi. Qulga shiddat bilan tashlanayotgan sher birdan toʻxtab qoldi va uning qoʻllarini yalay boshladi. Tomoshabinlar hayratdan tosh qotishdi. Soʻngra quldan shunday yirtqich hayvon nima sababdan unga bu qadar mehr koʻrsatganini soʻrashdi. Qul quyidagicha javob berdi:
“Kunlarning birida bu sherni oʻrmonda koʻrib qolgandim. Uning panjasiga oʻtkir bir tikan sanchilib qolgandi va u bu jarohatdan aziyat chekib qattiq oʻkirar edi. Men darhol uning panjasidan tikanakni sugʻurib oldim. Shu tariqa biz ikkalamiz doʻst boʻlib qoldik”.
Xalq qulning hikoyasidan qattiq taʼsirlandi. Qul va sher ozodlikka chiqarildi. Barcha cheksiz hayrat va taajjub bilan qulning ortidan xuddi itoatkor mushukdek ergashib ketayotgan bahaybat sherni kuzatib turar edi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning aytgan ushbu soʻzlari naqadar goʻzal:
(الراحمون يرحمهم الرحمان، ارحموا من في الأرض يرحمكم من في السّماء)
Rahmlilarga Rahmon (Alloh) rahm qilur. Yer yuzidagilarga rahm qilinglar, sizlarga osmondagi Zot rahm qiladi.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






