3. Yaxshiliklarni niyat qilish: “Hamm” ning maʼnosi shunchaki xayolga kelish emas, balki iroda, maqsad, azm va qaror qilishdir. Kim bir yaxshilikni niyat qilsa, Alloh uni Oʻz huzurida bitta toʻliq yaxshilik qilib yozib qoʻyadi. Chunki yaxshilikni niyat qilish – uni amalga oshirishga sabab va debochadir, ezgulikka sabab boʻladigan narsa esa ezgulikdir.
Imom Muslim rivoyat qilgan Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisida “hamm” tushunchasi shunday tafsir qilingan:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: قَالَ اللهُ عَزَوَجَلَّ: إِذَا تَحَدَّثَ عَبْدِى بِأَنْ يَعْمَلَ حَسَنَةً، فَأَنَا اَكْتُبُهَا لَهُ حَسَنَةً مَا لَمْ يَعْمَلْ…..
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Alloh azza va jalla aytdi: “Agar bandam bir yaxshilikni qilishni aytsa (oʻz-oʻziga aytsa), qilmasa ham, Men uni unga bir yaxshilik qilib yozaman…””.[1]
Imom Ahmadning “Musnad”ida kelgan Xuraym ibn Fatik hadisida esa:
عَنْ خُرَيْمِ بْنِ فَاتِكٍ الْأَسَدِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ:…وَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا فَعَلِمَ اللَّهُ أَنَّهُ قَدْ أَشْعَرَهَا قَلْبَهُ وَحَرَصَ عَلَيْهَا كُتِبَتْ لَهُ حَسَنَةً…
“…..Kim bir yaxshilikni niyat (hamm) qilsa-yu, lekin uni qila olmasa va Alloh u kishi bu yaxshilikni qalbiga joylaganini hamda unga haris (ishtiyoqli) boʻlganini bilsa, unga bir yaxshilik (savob) yoziladi…” [2]
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Kimki tunda namoz oʻqishni niyat qilib toʻshagiga yotsa-yu, ertalabgacha koʻziga uyqu gʻalaba qilib (uxlab qolsa), unga niyat qilgan narsasi (savobi) yoziladi”, deb aytgan. Bu mavquf[3] rivoyatdir. Shuningdek, bu rivoyat u kishidan marfuʼ[4] holda ham rivoyat qilingan. Ibn Moja rahimahulloh ham marfuʼ holda keltirgan. Imom Doraqutniy rahimahulloh: “Mavquf yoʻl bilan rivoyat qilingan hadis mahfuzdir[5]”, degan.
Saʼid ibn Musayyab rahimahulloh shunday degan: “Kim namoz, roʻza, hajni niyat qilsa-yu, keyin u bilan bu amal orasida bir toʻsiq paydo boʻlsa, Alloh Taolo uni niyat qilgan narsasining savobiga etkazadi”.
4. Yomonlikni niyat qilish: Agar banda bir yomonlikni niyat qilsa-yu, lekin uni amalga oshirmasa, unga toʻliq bir yaxshilik (hasana) yoziladi. Imom Muslim rivoyat qilgan Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisida: “U (bu yomonlikni) faqat Mendan qoʻrqqani uchun tark etdi”, deyilgan. Imom Buxoriy rivoyatida esa: “Agar u (yomonlikni) Men uchun tark etgan boʻlsa”, deyilgan. Bu esa gunohni tark etish Alloh Taolo uchun boʻlishi shart ekaniga dalolat qiladi. Shunday qilib, bunday tark etgan kishi toʻliq hasanaga loyiq boʻladi, chunki u yomon amalni tark etish orqali Alloh Taoloning roziligini maqsad qilgan. Ammo kimki yomonlikni koʻngliga tugib, soʻng uni mahluqotlardan (odamlardan) qoʻrqqani yoki ularga riyokorlik qilish uchun tark etsa, unga yaxshilik yozilishiga loyiq boʻlmaydi. Chunki u odamlardan qoʻrqishni Allohdan qoʻrqishdan ustun qoʻydi.
Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh shunday deb aytgan: “Niyat qilmay shunchaki gunoh ishni tark etgan kishining amali niyat bilan tark etganning savobi kabi boʻlmasa-da, baribir bitta savob deb eʼtibor qilinishi mumkin. Chunki ilgari aytib oʻtilganidek, maʼsiyatni tark etish – yomonlikdan tiyilishdir, yomonlikdan tiyilish esa ezgulikdir. Shuningdek, maʼsiyatni koʻngliga niyat qilib, keyin uni tark etgan kishiga shunchaki bir savob yozilishi, agar uni Parvardigori Subhanahu va Taolodan qoʻrqqani uchun tark etgan boʻlsa, bir necha barobar savoblar yozilishi ham ehtimoldan xoli emas”.
Xattobiy rahimahulloh shunday deb aytgan: “Savob yozilishining oʻrni – gunohni tark qiluvchi kishi oʻsha amalni qilishga qodir boʻla turib tark etganidadir. Chunki inson qoʻlidan kelmaydigan ishni qila olmagani uchun uni “tark etuvchi” deyilmaydi. Ammo, shu ishni qilish imkoniyati boʻla turib, bu ishni tark qilsagina shunday deyiladi. Shuningdek, biror gunoh ishni qilish uchun ishtiyoqi boʻla turib, uni qilishdan toʻsadigan boshqa bir toʻsiq boʻlsa, inson buning uchun savob olmaydi. Masalan, bir ayol bilan zino qilish uchun borsa-yu, eshik qulf boʻlgani uchun ocha olmay qaytib ketsa, kishi buning uchun savob olmaydi”.
Davomi bor…
✒️Shokirjon domla Madaminov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi
[1] Sahihi Muslim, 245-hadis.
[2] Musnadi Ahmad, 19035-hadis.
[3] Sahobaga nisbat berilgan soʻz yoki feʼl yoki taqrir mavquf hadis deyiladi.
[4] Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan soʻz yoki feʼl yoki taqrir yoki sifat marfuʼ hadis deyiladi.
[5] Siqoligi oʻta kuchli odam siqo odamga xilof ravishda rivoyat qilingan hadis mahfuz deyiladi.




