Koʻpincha «boylik» deb tarjima qilinadigan غِنَى (gʻina) soʻzi aslida behojatlik maʼnosini anglatadi. Bu taʼrif bejiz emas. Zero, haqiqiy boylik qoʻldagi molning koʻpligida emas, balki qalbning behojatligidadir.
Ilgari odamlar uyiga bir qop un va uni pishirishga yetadigan yogʻ olib kelsa, bir oy davomida roʻzgʻor tashvishini qilmay yurardi. Chunki insonning hojati qancha kam boʻlsa, u shunchalik boy boʻladi.
Masalan, sizda oddiygina telefon bor va u ehtiyojingizni qondirib turibdi. Ammo undan yaxshirogʻini, ehtiyojingizni mukammalroq bajaradiganini istasangiz, unga erishmaguningizcha kambagʻal boʻlib qolaverasiz — chunki sizda qondirilmagan ehtiyoj bor. Ehtiyojlari ortib borayotgan inson esa, ularga erishmagunicha, mol-dunyosi qancha koʻp boʻlmasin, baribir kambagʻallik hissini tuyaveradi.
Bundan maʼlum boʻladiki, boylik — nafsoniy holat boʻlib, uni moddiy narsalar bilan oʻlchab boʻlmaydi. Inson boylikning asl mohiyatini anglab yetsa, kam narsaga ega boʻlgan holda ham boy yashashi mumkin. Bu haqiqatni anglamagan kishi esa, koʻp narsaga ega boʻlsa-da, kambagʻalligicha qolaveradi.
Shu bois dunyoni tark etib, undan faqat zarurini oladigan mutasavvif zotlar «sultonlar» va «amirlar» deb atalgan. Chunki sultonlik ham, amirlik ham — aslida qalbning behojatligidir.
Bu borada Paygʻambarimiz ﷺ ning muborak hadislarini chuqur anglashning oʻzi kifoya: boylik mol-dunyoning koʻpligida emas — haqiqiy boylik nafs boyligidir.
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi Abdullayev Aliakbar
Eng boy inson kim?
Tagged under: islom






