Rabbul-mol muzorib uchun muayyan tijorat turini belgilab, sarmoya faqat oʻsha tijoratga kiritilishini aytsa, bunday sherikchilikka muzoraba al-muqayyadah, yaʼni cheklangan muzoraba deyiladi. Lekin rabbul-mol sarmoya kiritishni muzorib ixtiyoriga qoldirsa, unda muzorib oʻzi toʻgri deb blgan har qanday tijoratga sarmoya kiritishi mumkin. Ushbu turdagi muzoraba cheklanmagan boʻlib, muzoraba al- mutlaqah deb ataladi.
Rabbul-mol birgina oldi-berdi uchun bir necha kishi bilan muzoraba shartnomasiga kirishi mumkin. Bunda rabbul-mol sarmoyani Zaydga ham, Bakrga ham kiritadi va ularning har biri rabbul-mol muzorib sifatida tijorat qiladi. Ikkala muzorib kiritilgan sarmoyani birgalikda ishlatadi va har bir muzorib oldindan kelishilgan ulushga ega boʻladilar. Bunda ushbu muzoriblar tijoratdagi oʻzaro munosabatlarda xuddi sherikdek ish yuritadilar.
Muzorib yoki muzoriblar tijoratning odatiy faoliyati taqozo etadigan barcha ishlarni bajarishga vakolatli hisoblanadilar. Lekin odatdan tashqari boʻlgan ishlarda rabbul-molning aniq va ravshan ruxsati talab qilinadi.
Muzoraba toʻgʻri deb topilishi uchun shartnoma kuchga kirishdan avval tomonlar foydadagi ulushlarini kelishib olishlari zarur. Muzoraba foydasini taqsimlashda ulushlarning nisbati haqida shariatning qatiʼiy koʻrsatmalari yoʻq, bu masala oʻzaro tomonlarning kelishuviga qoldiriladi. Foydani teng boʻlib olishlariga ham, har xil nisbatda boʻlib olishlariga ham ruxsat berilgan. Lekin yaxlit pul miqdori koʻrinishida yoki kiritilgan sarmoyadan maʼlum foiz miqdorida foyda olish taʼqiqlanadi. Masalan kiritilgan sarmoya yuz millon soʻm boʻlsa, koʻrilgan foydaning 10 million soʻmi muzoribga yoki kiritilgan sarmoyaning 10 foizi rabbul-molga foyda qilib belgilansin deb kelishib boʻlmaydi. Koʻrilgan foydaning, masalan, 40 foizi muzoribga, 60 foizi rabbul-molga taqsimlanadi, deb kelishsa boʻladi. Turli vaziyatlar uchun turli xil nisbatlarni kelishishi mumkin sanaladi. Misol uchun, rabbul-mol muzoribga: Agar bugʻdoy bilan savdo qilsang, foydaning yarmini olasan, agar un bilan savdo qilsang, foydaning uchdan birini olasan, deyishi mumkin. Shuningdek, agar oʻz shahringda ishlasang 30 foiz foyda seniki, agar boshqa shaharda ishlasang, 50 foiz foyda seniki, – deyishi ham joiz.
Muzoribning foydadan oladigan ulushidan tashqari maosh yoki mukofot puli daʼvo qilishi joiz emas. Hanafiy faqihlariga koʻra muzorib qachonki oʻzining shahridan boshqa shaharga safar qilsa muzoraba tufayli xarajatlar uchun haq talab qilishga haqli boʻladi. Agar tijoratda baʼzi odi-berdilarda foyda koʻrsa, baʼzilarida zarar koʻrsa, foyda avval zararga buriladi, qolgan foyda tomonlar oʻrtasida kelishilgan holda taqsimlanadi…
davomi bor
Mirzayev Kamoliddin Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudarrisi






