Bugun «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida birinchi kurs talabalari ishtirokida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim muassasalarining “Odob-axloq qoidalari” mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Unda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A.Gʻaniyev hamda guruh rahbarlari X.Boyxoʻrozov, S.Umarov, M.Madrahimov, yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi mutaxassislari va 1-kurs talabalari qatnashdilar. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – yangi oʻquv yilida taʼlim dargohiga qadam qoʻygan yoshlarga taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalari, odob-axloq meʼyorlari, ustoz-shogird anʼanalari hamda talabalik burchlarini batafsil tushuntirishdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tasdiqlangan mazkur nizomning mazmun-mohiyati yoshlarga yetkazildi. Xususan, quyidagi muhim yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi:
Umumiy qoidalar va masʼuliyat: Taʼlim muassasasining har bir aʼzosi, jumladan, talabalar ham ichki tartib-intizom va odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilishi shartligi, har bir oʻquvchi oʻqishga qabul qilinish chogʻida bu qoidalar bilan tanishib, maxsus tilxat imzolashi belgilab qoʻyilgani taʼkidlandi.
Muomala madaniyati va milliy qadriyatlar: Jamoada oʻzaro hurmat, ahillik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat koʻrsatish, bir-biriga doimo “Siz” deb murojaat qilish odat tusiga kirishi lozimligi uqtirildi. Shuningdek, talabalar ustozlari va xodimlar bilan duch kelganda salom berishlari, yoshlar kattalarga birinchi boʻlib hurmat koʻrsatishi taʼkidlandi.
Kiyinish va tashqi koʻrinish madaniyati: Oʻgʻil bolalar uchun belgilangan yagona forma talablariga qatʼiy rioya etish – milliy doʻppi, och rangdagi koʻylak, toʻq rangdagi kostyum-shim va oyoq kiyimda kelish lozimligi eslatib oʻtildi. Dargohda zamonaviy talablarga va milliy-diniy qadriyatlarimizga zid boʻlgan kiyimda kelish qatʼiyan taqiqlanishi koʻrsatib oʻtildi.
Taʼlim jarayoni va dars intizomi: Auditoriyaga ustoz kirgan vaqtda barcha talabalar oʻrinlaridan turib salomlashishi, ustoz izn bergach oʻz oʻrinlarini egallashi zarurligi, dars vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlangani tushuntirildi.
Odob-axloq va huquqbuzarliklarning oldini olish: Taʼlim muassasasi hududida va undan tashqarida milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga zid keluvchi xatti-harakatlar, internet tarmogʻiga ichki muammolarni chiqarish, yot gʻoyalar va “ommaviy madaniyat” taʼsiriga tushishning oldini olish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.
Tadbir yakunida 1-kurs talabalarini qiziqtirgan savollarga maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A.Gʻaniyev va masʼullar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda barcha oʻquvchilar oʻz burchlarini chuqur anglagan holda ilm olishlari, ustozlarning oʻgitlariga amal qilishlari zarurligi taʼkidlandi.
✒️«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Matbuot xizmati





