Amir Temur – tarix sahifalarida buyuk sarkarda, qudratli davlat arbobi sifatida mashhur boʻlishi bilan birga, islom dini qadriyatlariga amal qilgan, diyonatli va adolatparvar hukmdor sifatida ham alohida oʻrin egallaydi. Uning hayoti va faoliyati musulmon ummati uchun ibratli maktab boʻlib xizmat qiladi. Sohibqiron 1336-yil Kesh shahrida (hozirgi Shahrisabz) tavallud topgan. Yoshligidan u islomiy tarbiya asosida voyaga yetdi. Qurʼon tilovati, hadis ilmi va ulamolarning suhbatlari uning qalbida iymon va taqvoni mustahkamladi. U har bir ishni Allohning nomi bilan boshlashga, tavakkal va shukr bilan yakunlashga odatlangan edi. Amir Temur oʻz hayoti davomida Allohning roziligini topishni eng oliy maqsad deb bildi. U koʻp bora ulamolar bilan maslahatlashgan, shariatga zid ish qilmaslikka harakat qilgan. Bu esa uning davlat boshqaruvida ham yaqqol namoyon boʻlgan. U adolatni qaror toptirishni hukmdorning eng muhim vazifasi deb hisoblagan. Amir Temur asos solgan Temuriylar davlati islomiy qadriyatlarga tayanib boshqarilgan davlatlardan biri edi. Bu davlatda shariat qonunlariga amal qilishga katta eʼtibor berilgan. Sohibqiron zulmni qattiq qoralab, mazlumlarni himoya qilishni oʻzining burchi deb bilgan.
Sohibqironning “Kuch – adolatdadir” degan hikmati aslida Qurʼon va sunnatdagi adolat tushunchasiga uygʻun keladi. Chunki Alloh taolo Qurʼoni karimda adolatni saqlashni buyuradi. Amir Temur ana shu ilohiy buyruqqa amal qilib, jamiyatda tartib va adolatni mustahkamlashga intilgan. Amir Temur ilm ahliga katta hurmat bilan qaragan. Ulamolarni, qorilarni, faqihlarni eʼzozlab, ularning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan. Sohibqiron davrida ilm-fan, xususan diniy ilmlar rivoj topdi. Samarqand shahri nafaqat siyosiy, balki yirik ilmiy va maʼnaviy markazga aylandi. U masjid, madrasa va ziyoratgohlar qurdirishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu ishlarni u savobli amal deb bilgan. Qurilgan inshootlar nafaqat ibodat maskani, balki ilm oʻrganish, tarbiya olish joyi sifatida ham xizmat qilgan. Bu esa jamiyatda iymon, axloq va maʼnaviyatning yuksalishiga olib kelgan. Amir Temur oʻz yurishlarida ham faqat dunyoviy manfaatni emas, balki tartib oʻrnatish, zulmni yoʻqotish va tinchlikni qaror toptirishni maqsad qilganini tarixiy manbalar qayd etadi.
Har bir gʻalabadan keyin Allohga hamd aytib, shukronalik bildirgan. Bu esa uning qalbida iymon mustahkam boʻlganidan dalolat beradi. Sohibqiron sabr, shukr va tavakkal kabi islomiy fazilatlarni oʻz hayotida namoyon etgan. Qiyinchiliklarga bardosh bilan qaragan, muvaffaqiyatlarga esa kibrsiz, kamtarlik bilan yondashgan. Bu jihatlar har bir musulmon uchun muhim ibratdir. Bugungi kunda Amir Temur merosi nafaqat tarixiy, balki maʼnaviy boylik sifatida qadrlanadi. Ayniqsa, uning 690 yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbirlar buyuk ajdodimizning din, adolat va ilm yoʻlidagi xizmatlarini yana bir bor esga soladi.
Abdumalikov Rahmatulloh Abduqahhor oʻgʻli Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti 2-kurs talabasi






