“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida birinchi kurs talabalari uchun ichki tartib qoidalariga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir davomida “Yoshlar ishlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha” mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev talabalarni bilim yurti ichki tartib qoidalari
mazmun-mohiyati bilan batafsil tanishtirdi. Yoshlarning taʼlim jarayonida intizomga qatʼiy rioya qilishlari, vaqtni samarali tashkil etishlari va masʼuliyatli boʻlishlari zarurligini taʼkidlandi.


Shuningdek, talabalar ongida yot gʻoyalarga qarshi barqaror immunitet hosil qilish, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallash, kelgusida yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari lozimligi qayd etildi.


Tadbir davomida talabalarga samimiy nasihatlar berildi, ularga taʼlim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish va doimo kitob mutolaasiga eʼtibor qaratish kerakligi aytib oʻtildi. Shundan soʻng talabalar bilim yurti studiyasi, kutubxonasi va boshqa zaruriy oʻquv honalari bilan yaqindan tanishdilar.


Mazkur tadbirda guruh kuratorlari va boʻlim uslubchilari ham ishtirok etib, yangi qadam qoʻyayotgan talabalar bilanb yaqindan suhbatlashdilar hamda ularni taʼlim-tarbiya jarayonida faol va tashabbuskor boʻlishga undadilar.
Tadbir yakunida birinchi kurs talabalari bilim yurti ichki tartib qoidalariga toʻliq rioya qilishlari, oʻz bilim va salohiyatlarini muntazam oshirish orqali Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat
qiladigan munosib kadrlar boʻlib voyaga yetishlari barchamizning yuksak maqsadimiz ekani alohida taʼkidlandi.
S.Saidakramov
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






