Birinchi fasl: savdoning rukniga taalluqli masalalar.
67. Savdo iyjob va qabul bilan bogʻlanadi.
68. Savdodagi iyjob va qabul har bir shahar urfidagi savdoni yuzaga kelishi uchun ishlatiladigan lafzlardan iboratdir.
69. Savdodagi iyjob va qabul “biʼtu” yaʼni sotdim va “ishtaroytu” yaʼni sotib oldim kabi moziy, oʻtgan zamon siygʻasi bilan boʻladi.
Bu ikki lafzdan avvalda zikr qilingani “iyjob” ikkinchisi “qabul” boʻladi. Agar sotuvchi “sotdim” soʻngra xaridor “oldim” desa yoki avval xaridor “oldim” soʻngra sotuvchi “sotdim” desa, savdo bogʻlanadi. Avvalgisida “sotdim” degani iyjob “sotib oldim” degani qabul boʻladi, ikkinchi masalada esa buni teskaridir.
Shuningdek mulk qilib berish va olishni ifodalaydigan masalan: sotuvchining “berdim yoki mulklab berdim” va xaridorning “oldim, mulklab oldim, rozi boʻldim” va shunga oʻxshash lafzlar bilan savdo bogʻlanadi.
70. Yana savdo “muzoriy’” yaʼni hozirni va kelajak zamonlarni ifodalaydigan feʼllar bilan ham bogʻlanadi agar u bilan masalan “sotaman, sotib olaman”, deb hol (hozir) maqsad qilinsa. Aksincha kelajak iroda qilinsa savdo bogʻlanmaydi.
71. Faqat vaʼda maʼnosini bildiruvchi “sotaman, sotib olaman” kabi kelasi zamon shakllarini ifodalaydigan lafzlar bilan savdo bogʻlanmaydi. Soʻroqni ifoda qiladigan shakllar bilan ham savdo bogʻlanmaydi
72. Yana amr buyruq shaklidagi lafzlar bilan masalan: “sot! yoki, sotib ol!” deyilsa ham savdo bogʻlanmaydi. Ammo holni yaʼni hozirni ifodalashlikka dalolat qilsa savdo bogʻlanadi.
Masalan: Xaridor: “bu dirhamlarga mana bu narsangni sot!”, desa, sotuvchi sotdim deb aytsa savdo bogʻlanmaydi. Ammo sotuvchi xaridorga “bu molni falon dirhamlarga ol” desa va xaridor oldim desa yoki avvalda xaridor aytsaki “bu narsani falon dirhamga oldim” desa sotuvchi “ol”, yoki “Alloh senga baraka bersin” yoki shunga oʻxshash lafzlarni aytsa savdo bogʻlanadi. Chunki uning “uni ol” va “Alloh senga baraka bersin” degan soʻzlarining maʼnosi “sotdim, olgin!” deganidir.
Bunga oʻxshash lafzlarga “dalolatul iqtizo” deyiladi shuning uchun ham maʼno toʻliq boʻlishi uchun lafz taqdir qilinishi lozim hisoblanadi.
73. Iyjob va qabul lafz bilan boʻlgani kabi yozish va xat orqali ham boʻladi. Masalan bir kishiga sizga bu narsani falon soʻmga sotdim deb yozsangiz, u kishi yozilgan xatni oʻqilgan majlisda javob yozsa yoki qabul qildim deb lafzan javob qaytarsa, savdo bogʻlanadi.
74. Tilsiz, soqov kishilarning oʻzlarining maʼlum ishoralari bilan ham savdo bogʻlanadi.
Masalan: soqov yoki gung odamni yozuvi ishorasi kabi eʼtiborlidir.
75. Iyjob va qabuldan asosiy maqsad ikki tarafning roziligidir. Rozilikka dalolat qiladigan feʼliy ayirboshlov bilan ham savdo bogʻlanadi va bu oldi-berdi savdosi deb nomlanadi.
Buning misoli: Xaridor nonvoyga maʼlum miqdordagi pulni beradi, nonvoy esa unga hech qanday iyjob va qabul lafzlarini ishlatmasdan turib, maʼlum miqdordgi nonni beradi. Yoki xaridor sotuvchiga pulni berib molni uning huzuridan olayotgan vaqtda sotuvchi tarafidan biror inkor topilmasa ham savdo bogʻlanadi.
Shuningdek, bir kishi bugʻdoy sotuvchining huzuriga kelib unga besh diynor berib, aytsaki: bir kilo bugʻdoyni qanchaga sotasan? Sotuvchi: “bir diynorga” desa, shu payitda xaridor sukut qilsa va undan bugʻdoy berishni talab qilsa, sotuvchi sizga uni ertaga beraman desa, ikkalasining oʻrtasida iyjob va qabul lafzi aytilmasada savdo bogʻlanadi. Bu suratda ertasi kuni bugʻdoyni narxi bir yarim diynorga oshib ketsa ham sotuvchi kelishilgan avvalgi narxda berishga majbur, shuningdek aksi ham huddi shunaqa boʻladi yaʼni bir yarim diynorga kelishgan paytda, uning narxi tushib ketsa avvalgi narxga olishga xaridor majbur boʻladi.
Bunga oʻxshash yana bir misol: xaridor qassobga “qoʻyning bu qismdan besh kilo kesing desa” qassob goʻshtni kessa va tarozilab unga bersa, savdo bogʻlanadi. Xaridorning bu oʻrinda olmayman deyishlikka haqqi yoʻq.
76. Agar savdo pulni jinsini almashishi bilan yoki narxni ziyoda va kam boʻlishi bilan takrorlansa, ikkinchi kelishuv eʼtiborlidir.
Ikki kishi maʼlum molni yuz ming soʻmga savdolashsa, soʻngra savdo boʻgʻlangandan keyin bu molni dollar bilan savdolashsa, yoki avvalda yuz besh mingga soʻng toʻqsonga kelishsa, ikkinchi kelishuv eʼtiborlidir.
Arabchadan Mirzayev Kamoliddin Koʻkaldosh OʻMIBYu mudarrisi tarjimasi






